Ofoqxo’ja maqbarasi
Ofoqxo’ja maqbarasi – Qashqar (Xitoy)dagi me’moriy yodgorlik (1664). Maqbara shaharning shimoli- sharqiy qismidagi Qo’qon qishlog’ida «Shyangpeymu» (Iparxon mozori)da joylashgan. Otasi manjur istilochilariga qarshi chiqqanligi uchun Iparxon (Ofoqxo’janing evarasi) aka-ukalari bilan Pekinga olib ketilgan. Rivoyatlarga ko’ra, go’zal, yosh Iparxon begona el xoqoniga itoat qilmay bevaqt vafot etgan. Jasadi Pekindan olib kelinib, Ofoqxo’ja maqbarasiga dafn etilgan. Maqbara balandligi 27 metr, go’rxona (35×27 metr) gumbaz tomli, bosh tarzining 4 burchagida 4 minora — guldasta (balandligi 18 metr) bor. Peshtog’i devordan sal oldinga chiqarib qurilgan. Uning 2 yonini ustungo’shalar bezagan. Ofoqxo’ja maqbarasi devorining qalinligi 1 metr, 4 tomoniga darcha ishlangan. Maqbarada 5 avlod vakillaridan 72 kishi dafn qilingan. Ofoqxo’ja va uning buvasi Eshon Kalon, otasi Muhammad Yusuf va boshqa qabrlardagi sag’analar bir-biriga yaqin bo’lgan. Sag’analar hajmi har xil, unda dafn etilgan kishining martabasi ulug’ligiga qarab joylashtirilgan. Ofoqxo’ja maqbarasi tarkibida darvozaxona, atrofida bog’, hovlisida 2 hovuz, madrasa, katta va kichik masjidlar mavjud. Ofoqxo’ja maqbarasi bir necha bor ta’mirlangan. Abdulahad Xo’jayev.