Ogayo
Ogayo — AQShning shimoliy-Sharqiy qismidagi shtat. Eri ko’li bilan Ogayo daryosi oralig’ida. Maydoni 107,0 ming km2. Aholisi 11,4 million kishi (2002), 75% dan ko’prog’i shaharlarda yashaydi. Ma’muriy markazi — Kolumbus shahri yirik sanoat shaharlari: Klivlend va Tsintsinnati. Shtatning sharqida Appalachi platosi (eng baland joyi 460 metr), g’arbida Markaziy tekisliklar bor. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0″ dan -3° gacha, iyulniki 23— 25°. Yillik yog’in 800-1000 mm. Ogayo — AQShning aholisi zich va iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan shtatlaridan. Toshko’mir (yiliga 40 million tonna), tuz (5 million tonna), neft va tabiiy gaz qazib olinadi. Ogayo cho’yan va po’lat eritishda AQShda Pensilvaniya shtatidan keyin 2-o’rinda, elektr energiya hosil qilishda esa 1-o’rinda. Qishloq xo’jalik tovar mahsulotining 60%ni chorvachilik beradi. Ekin maydoni 5 million gektar. Asosan, makkajo’xori, soya, bug’doy, suli va yem-xashak ekinlari ekiladi. Meva, uzum va sabzavot yetishtiriladi. Eri ko’li sohilidagi portlar orqali ko’mir junatiladi, temir rudasi keltiriladi. Ogayo hududini yevropaliklardan birinchi bo’lib 17-asrda frantsuzlar egallagan. Parij shartnomasiga binoan, 1763 yilda Ogayo Buyuk Britaniya qo’liga o’tdi. 1783 yildan AQSh tarkibida. 1802 yildan AQSh shtati.