Orolbo’yi Qoraqumi
Orolbo’yi Qoraqumi – Orol dengizining shimoli-sharqida joylashgan hudud. Orolbo’yi Qoraqumining mutlaq balandligi sharqdan (160 metr) g’arbga, shuningdek, Orol dengizi botig’iga (53 metr) qarab pasayib boradi. Eng baland joylari alohida turgan gilli qoldiqlardan (Jilonqir, 157 metr va boshqalar) iborat. Ular atrofidagi tekisliklardan 20-50 metr ko’tarilib turadi. Qum uyumlarining qalinligi 10-30 metr. Orolbo’yi Qoraqumi hududining zamini bo’r, paleogen va neogen tog’ jinslaridan tashkil topgan, asosan, gilqum yotqiziqlari keng tarqalgan. Bu jinslar ba’zi joylarda yer yuzasiga yaqin, ba’zan chiqib qolgan. Qum massivlarining eni va uzunligi turlicha, masalan, Jeneshkequm massivining uzunligi 100-120 kilometr, eni 10— 15 kilometr, Ko’lquduqqum uzunligi 50-60 kilometr, eni 3-15 kilometr. Qum maydonlari o’simliklar bilan mustahkamlangan. Massivlari bir-birlaridan botiqlar orqali ajralgan, ularning tublari sho’r, sho’rxok va taqirlar bilan band. Qum relefi ulardan 10-20 metr baland. Iqlimi tipik adir xususiyatiga ega. Qishda havoning o’rtacha temperaturasi — 11,7° dan (Kazani meteostantsiyasi) — 13,5° gacha (Orol dengizi stansiyasi) boradi. Iyulning o’rtacha temperaturasi ushbu stansiyalarda 26,1°, 26,3°. Qayd etilgan yillik mutlaq eng past temperatura -34°, -36°, eng yuqori temperatura 42°. Yog’in miqdori kam (108-124 mm), ularning asosiy qismi yilning iliq davriga to’g’ri keladi (64— 67 mm). Qor qoplamining qalinligi 10 santimetr atrofida, 77-88 kun saqlanadi. Grunt suvlari sathi yer yuzasiga yaqin, qumlarda o’ziga xos suv linzalari hosil bo’ladi. Botiqlarda grunt suvlarining sathi 2-3 metr chuqurlikda joylashgan. Suvi chuchuk yoki bir oz sho’rroq, yaylovlarni suv bilan ta’minlashda foydalaniladi. Orolbo’yi Qoraqumi yuzasini cho’l-qum tuproklar va qumliklar egallagan. Qumlarda ko’proq oq jusan va yashil shuvoq guruxlari keng tarqalgan. Sho’rxok va sho’rlangan tuproqlarda sho’ralar o’sadi. Hududdagi yaylovlardan yil bo’yi foydalanish mumkin, o’rtacha mahsuldorlik gektariga 2,2 tsentner.