Ota-onalarning huquq va majburiyatlari

Ota-onalarning huquq va majburiyatlari – oila huquqi sohasi. Avvalo, ota-onalar o’z bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar. Bu O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqligidan kelib chiqadi. Bola haqida g’amxo’rlik qilish, unga ta’lim-tarbiya berish ota-ona uchun faqat axloqiy qoida bo’lib qolmay, balki konstitutsiyaviy huquq va burchdan ham iborat. Ota-onalarning huquq va majburiyatlari 2 turga bo’linadi: shaxsiy huquq va majburiyatlar; mulkiy ququq va majburiyatlar. O’zbekiston Respublikasi oila qonuniga ko’ra, Ota-onalarning huquq va majburiyatlariga o’z farzandlari bilan birga yashash, ularning tarbiyasi bilan shug’ullanish, ota-onalik huquklarini mustaqil ravishda amalga oshirish, bolalarning sog’lig’i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g’amxo’rlik kilish, bolalarning qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlash, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish kabilar kiradi. Oilaviy- huquqiy munosabatlarda Qonunchilik bolalar manfaatining ustuvorligini belgilaydi. Ota-ona va bolalar o’rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo’lganda, vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlaydi.