Ota-onalik huquqidan mahrum qilish

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish — oila huquqi sohasi. O’zbekiston Respublikasi OK ga ko’ra, quyidagi hollarda ota-ona (yoki ulardan biri) ota-onalik huquqidan maxrum qilinishi mumkin: ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan, aliment to’lashdan bo’yin tovlasa; uzrsiz sabablarga ko’ra o’z bolasini tug’ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o’xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa; ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo’lsa, jumladan, jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko’rsatsa; muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo’lgan bo’lsa; o’z bolalarining hayoti yoki sog’lig’iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog’lig’iga qarshi qasddan jinoyat qilgan bo’lsa. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish ota (ona)ning yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslarning, prokurorning, vasiylik va homiylik organining, voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug’ullanuvchi komissiyalar hamda boshqa muassasalarning talabi bilan sud tartibida amalga oshiriladi. Bolani boshqa ota-onaga berishning imkoni bo’lmagan taqdirda, bola vasiylik va homiylik organining qaramog’iga olib boriladi. Ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo’lsa, shu bolaga nisbatan bo’lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan, undan ta’minot olish, shuningdek, bolali fuqarolar uchun qonun xujjalarida belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan maxrum bo’ladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilinish ota-onani o’z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Shoira Yo’ldosheva.