Xalqni bayram qilishiga qarab, uning taraqqiyot darajasini bilish qiyin emas. Jumladan, bayramlar elning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy ahvoli haqida yorqin tasavvur bera oladi. Chunki bayramlar ijtimoiy hayotning eng yaxshi tomonlarini aks ettiradigan ko’zgudir. Har tomonlama rivojlangan xalqning bayramlari ham fayzli bo’ladi.
O’zbek xalqi o’z ajdodlarining buyuk tarixiy, ma’naviy, ilmiy merosi, me’moriy yodgorliklari, san’ati, adabiyoti bilan bir qatorda ko’p ming yillik bayram-marosim madaniyatiga ega bo’lganligi bilan ham faxrlansa arziydi. O’zbek bayramlari uzoq taraqqiyot jarayonida ajdodlarimizning ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlari asosida vujudga keldi. Ularning aqli ijodiy faoliyati asosida, atrof-muhit, tabiat, mehnat jarayoniga bog’liq holda avloddan-avlodga o’tib, taraqqiy etdi. Asrlararo ajdodlar fikri, orzu-o’ylari, tajribalari, yutuqlari va boshqa qadriyatlarini mujassamlashtirgan bebaho ijtimoiy-madaniy merosga aylandi. Biroq haligacha o’zbek xalqi bayramlarining bu tarixiy merosi maxsus o’rganilgan emas.
O’zbek xalqi bayramlari qadimgi davrdan shu kungacha tarixiy zaruriyat zaminida rivoj topib, qarama-qarshiliklarni yengib, boshqa xalqlar tajribasi bilan boyib keldi. Holbuki, o’zbek xalqi tarixi, madaniyatiga oid tadqiqotlarda xalq hayotining muhim va ajralmas qismi bo’lgan bayramlar o’z aksini topmayapti. Buning ustiga hanuzgacha o’zbek xalqi bayramlarining tarixi, an’analari va hozirgi ahvoli ham maxsus va yaxlit o’rganilgan emas. Buning asosiy sababi shunda ediki, sho’rolar davrida milliy bayramlarni tadqiq etish rasmiy va norasmiy ta’qiqlangan bo’lib, faqat yangi sovet bayramlarini o’rganish mumkin edi. Mustaqillik tufayli o’zbek an’analarini o’rganish imkoniyatlari ochilmoqda. Milliy an’analar, xalq bayramlarining ayrim masalalari tadqiq qilina boshlandi. O’zbek xalqi bayramlarini maxsus va haqqoniy o’rganish davri keldi. Bu esa vaqtida qadrlanmagan merosimizni tarixiy, siyosiy, falsafiy, axloqiy, elshunoslik, madaniyatshunoslik nuqtai nazarlaridan har tomonlama o’rganishni taqozo etmoqda.
O’zbek xalqining bayram-marosim madaniyati shu qadar boy va rang-barangki, ularni tabiat, mehnat, diniy e’tiqod, oilaviy hayot, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, san’at va sport kabi ko’plab turlarga bo’lib tadqiq etish mumkin.
Shu bilan birga o’zbek bayramlarining e’tibor berish lozim bo’lgan bir qator muhim tomonlari bor:
- Eng avvalo o’zbek xalqi bayramlari tarixini o’rganish juda zarur. Chunki, shu paytgacha uzoq tarixga ega bo’lgan o’zbek xalqi bayramlari maxsus tadqiqot ob’yekti qilib olingan emas. Ma’lumki, Markaziy Osiyo insoniyat madaniyatining eng qadimiy o’choqlaridan biri hisoblanadi. Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar bu hududda 1 million yildan buyon odamlar yashayotganligidan dalolat bermoqda. Demak, mahalliy aholi madaniyati, jumladan, o’zbek xalq odatlarining paydo bo’lishi va shakllanish jarayonini nafaqat asrlar, nafaqat ming yilliklar, balki yuz ming yilliklarni qamrab olgan holda o’rganish kerak. O’zbek bayramlari tarixini eng qadimgi davr, antik davr, o’rta asrlar, yangi asrlar va XX asrlarga bo’lib alohida o’rganish har bir davrga xos tajribalarni umumlashtirishga katta foyda beradi.
- O’zbek xalqi odat-bayramlarini o’rganishda geomadaniyatni hisobga olish ham foydalidir. Bu Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekiston hududidagi madaniyat va odatlarimiz tarixiy o’zagini topish uchun muhim ahamiyatga ega. “Geomadaniyat” yordamida Vatanimizda 1 millon yildan buyon odamlarning yashash jarayonida, ularning shu yerga, shu tabiatga, shu iqlimga, shu hududda paydo bo’lgan turmush tarsi va mashg’ulotlariga mos madaniyati, odatlari, marosimlari va bayramlarini o’rganish mumkin.
To’g’ri, bosqinchilar, ko’chmanchilar va boshqalar Vatanimiz madaniyatiga ta’sir etgan ham bo’lishi mumkin, biroq ularning an’analari mahalliy o’zbek madaniyati va odatlari o’zagini tashkil qila olmadi. Ajdodlarimiz odatlari o’z ona-yerimizda, o’z hududimizda paydo bo’lgan va rivoj topgan. Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganidek, “…ko’chmanchilar, bosqinchilar kelib ketaveradi, lekin xalq boqiy qoladi, uning madaniyati abadiy yashaydi” (I.Karimov. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. – T., 1998, 21-bet).
3. O’zbek bayramlariga elshunoslik, etnik madaniyat nuqtai nazaridan yondashmay turib ularni o’rganish qiyin. Ma’lumki, o’zbek millati ko’plab etnik urug’lar asosida vujudga kelgan va unga turli etnoslarning ta’siri bo’lgan. Biroq, “Iskandar ham, Qutayba, Chingizxon, General Chernyayevlar ham, … yurtimizga bir necha o’n ming yo bir yuz ming lashkarlari bilan kelgan, ishg’ol qilgan va bu yerda siyosiy hokimiyatni qo’lga olgan. Biroq shu yerda asrlar davomida yashab kelayotgan mahalliy aholini, uning ko’p ming yillik madaniyatini yo’q qila olmagan, qila olmaydilar ham” (I. Karimov. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. – T., 1998, 18-bet).
O’zbekistonda ko’plab millat va elatlar yashaydi, biroq ular ichida o’zbeklar tub, asosiy aholini va son jihatdan ko’pchilikni tashkil qiladigan millat hisoblanadi. Shu sababli xalq bayramlarini o’rganayotganda o’zbek bayramlariga asosiy urg’u berilishi kerak. Bundan kelib chiqib, o’zbek etnik odatlar genezisiga ega evolyutsiyasiga alohida ahamiyat berish zarur. Jumladan, o’zbek xalqi bayramlarini:
- Xalq ehtiyoji asosida vujudga kelishi;
- Hayotning tarkibiy qismiga aylanishi;
- Avloddan-avlodga meros bo’lib o’tishi;
- Zamonga mos boyib, kamol topishi va hokazo jarayonlarni maxsus o’rganish kerak. Bunday yondashuvsiz o’zbek etnik odatlarining boy va muhim qirralarini ochish mumkin emas.
4. O’zbek bayramlarini diniy e’toqlardan holi holda o’rganib bo’lmaydi. Chunki e’tiqodlardan xoli holda o’rganib bo’lmaydi. Chunki e’tiqodlar xalqimizda qadimdan shakllangan va rivoj topgan. Odamlarning hayoti, tabiat sirlarini tushunishga intilishi natijasida fetishistic, totemistik, animistik, politeistik, magik kabi diniy e’tiqodlar bilan birga qadimgi odatlar (chunonchi, “yomg’ir tilash”, “shamol chaqirish”, “quyoshga sig’inish”, “qurbonlik qilish” marosimlari) vujudga kelgan. Bu odatlar ajdodlarimizning tarixiy ildizlari sifatida qadrlidir.
Zardo’shtiylik diniga e’tiqod qilish davrida ajdodlarimizning bayramlar tizimi shakllandi. Bunda Navro’z, Mehrjon, Sada, Angom kabi bayramlari ayniqsa muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Ularda yaxshilik va yomonlik, yorug’lik va qorong’ulik, issiqlik va sovuqlik, o’lim va hayot o’rtasidagi ziddiyatlar aks etib, bu davr odatlarida ezgulik, mehribonlik, muruvvatlilik, qadr-qimmat, insoniylik kabi ma’naviy-insoniy fazilatlar qadrlana boshlandi.
Islomga e’tiqod qilish davrida diniy bayramlar – Ro’za hayiti, Qurbon hayiti kabilar ma’naviy hayotga katta ta’sir o’tkazgan.
Xullas, diniy e’tiqodlar an’anaviy mahalliy bayramlar bilan chambarchas bog’lanib ketgan. Ularsiz o’zbek bayramlarini ham tasavvur qilish qiyin.
5. O’zbek xalqi bayramlarining eng diqqatga sazovor tomonlaridan biri ularning tabiat va mehnat bilan bog’liqligidir. Chunki o’zbek xalqi va uning ajdodlari istiqomat qilgan hududning geografik o’rni, tabiati, yil fasllari kabilarning o’ziga xos xususiyatlari asosida mavsumiy odat, bayram va marosimlar vujudga kelib, ular mahalliy aholining tafakkuri, xarakteri, idroki, his-tuyg’ular, irodasi, qobiliyatlarining shakllanishida muhim o’rin tutadi. Mavsumiy an’analarning shakllanishida mahalliy aholi istiqomat qiladigan hududning tabiat sharoiti, iqlimi bilan bog’liq bo’lgan moddiy madaniyati, mehnat tajribalari, shuningdek, ekologik ongi, xalq e’tiqodlari, xalq ijodi, turmush madaniyati kabi ma’naviy sohalar muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zbek xalqi odatlarining bir qator qadriyatlari mavsumiy mehnat faoliyati bilan bog’liq ekanligini ham nazarda tutish kerak. Qadimdan ajdodlarimizning har bir faslga xos an’analar tizimi (sistemasi) shakllanib kelgan. Ular orasida erta bahorda – mehnat mavsumiga kirishdan oldin, yozda – hosil yig’ishtirishdan avval, kuzda – hosil to’plangandan so’ng va qishda – dalalar “uyquga ketib”, mehnatkashlarning bo’sh vaqti ko’payib, madaniy dam olish ehtiyoji tufayli uyushtiriladigan odat, marosim, bayramlari xalq hayotida muhim hodisa hisoblangan. Asrlar davomida avloddan-avlodga o’tib, an’anaga aylangan: bahorgi – Qurultoy, Gul bayramlari, Navro’z; yozgi – Suv sayli, Choymomo; kuzgi – Uzum sayli, Qovun sayli, Paxta to’yi, Anor sayli, Anjir sayli; qishki – Yas-yasun, Gap-gashtak, Qor xat kabi marosim va bayramlar dehqonlar hayoti, turmushi, mavsumiy mehnat jarayonida va ma’naviy olamida samarali shakl kasb etib, ularning mazmuni yoshlarning ekologik ongini ravnaq toptirish, tabiat boyliklarini qadrlash, yil fasllarida vujudga keladigan go’zalliklardan zavqlanish mehnatning qadriga yetish, insoniylikni ulug’lash kabi funksiyalarni bajarida yaxshi xizmat qilgan
Hozirgi davrda O’zbekiston bayramlariga oid eng muhim muammolardan biri – bu o’lkamiz tabiati, iqlimi, ajdodlarimiz tarixi, an’analari kabi ko’plab xususiyatlar asosida vujudga kelgan, ming yilliklar orasida avloddan-avlodga o’tib nishonlanib kelingan bayramlarni tiklash va taraqqiy ettirishdir.
6. O’zbek an’analarining muhim qismini oilaviy marosimlar tashkil qilgani uchun ularni alohida tadqiq etish ehtiyoji yuzaga keladi. O’zbek oilalarida chaqaloq tug’ilgandan to u ulg’ayib, yangi oila qurguniga qadar sodir bo’ladigan muhim voqealarni qayd qiladigan marosimlar tizimi vujudga kelgan. Mazkur tizimga kirgan Chaqaloqning dunyoga kelishi, Ism berish, Chaqaloq chilla, Beshik to’y, Soch to’y, Tish to’y, Birinchi qadam, Sunnat to’y, Muchal yosh, Nikoh to’y kabilar yosh avlodning rivojlanishi va ma’naviy kamol topishi, hayotda o’z o’rnini topishi uchun o’ziga xos ma’naviy “zina” sifatida xizmat qiladi. Bu odatlar o’zbek mintalitetini shakllanishida muhim tadbirlar bo’lgan
7. Xalq bayramlarining axloqiy-tarbiyaviy tomonlariga alohida e’tibor berish lozim. Chunki xalq bayramlarida qadimiy va islomiy odatlar chatishib ketib, ular odamlar o’rtasida mehr-oqibat, izzat-hurmat, qadr-qimmat, muruvvat kabi insoniy fazilatlarning ravnaq topishida katta xizmat qiladi. Bayramlarning mazmuniga insoniylik, olijanoblik, saxiylik, rahmdillik, mehr-muruvvatlilik kabi g’oyalar singib ketgan.
Xalq bayramlari ajdodlarimizning eng yaxshi fazilatlari, fikrlari, tajribalari, yutuqlari, qadriyatlarini mujassamlashtirgani uchun jamiyatimizni axloqiy sog’lomlashtiruvchi, insonparvarlikni barqaror etuvchi va aholining ma’naviy kamol topishiga xizmat qiladigan muhim omil sifatida namoyon bo’ladi. Shuningdek bayramlar odamlar orasida odob-axloq, imon-e’tiqod, insonparvarlik, mehr-muruvvat, saxovat, odillik, halollik, birodarlik, vatanparvarlik, mehmondo’stlik kabi hislatlarni ravnaq toptirishda muhim omil hisoblanadi.
8. O’zbek xalqi bayramlarini siyosiy nuqtai nazardan o’rganish eng muhim masaladir. Chunki siyosiy jarayonda ham bayramlar muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Hukmronlar har doim bayramlar orqali o’z siyosiy g’oyalarini targ’ib etishga intilganlar. Tarixda odil hukmronlar xalq bayramlari orqali adolat, insonparvarlik, inoqlik va mehr-oqibatni targ’ib etishga alohida e’tibor berganlar. Bosqinchilar esa aksincha, bayramlarga o’z siyosatini singdirib, ular orqali o’z hokimiyatini mustahkamlamoqchi va obro’ini ko’tarmoqchi bo’lganlar. Buni eplay olmaganlarida esam bayramlarni taqiqlarga harakat qilganlar. Masalan, sho’rolar azaliy, milliy bayramlarni o’ziga xizmat qildira olmaganligi sababli, ularni inkor va taqiq etish yo’lidan bordi. O’z siyosatini targ’ib qilish uchun yangi sovet bayramlarini o’ylab topishdi va hayotga joriy etishga intilishdi. Xalq esa o’z ehtiyojlarini qondiradigan bayramlarni nishonlashga intilgan, sun’iy o’ylab topilgan siyosiy bayramlarga befarq qaragan.
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz yaratgan bebaho merosni va xalq an’analarini tiklash davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo’lib qoldi.
9. O’zbekiston bayramlari xalqaro ahamiyat kasb etmoqda. Chunki 10 yildan ortiq vaqt davomida respublikamizda bayramlarni o’zbekona tashkil qilish borasida diqqatga sazovor tajribalar vujudga keldi. Birinchidan, milliy (“Navro’z” kabi) bayramlarimiz jahon hamjamiyatini qiziqtira boshladi, ikkinchidan, mamlakatimizda xalqaro (“Sharq taronalari” kabi) anjumanlar uyushtirish tajribasi vujudga keldi.
Ajdodlarimiz merosini tiklash bo’yicha qilinayotgan ishlarimizni nafaqat o’zimiz, balki butun jahon tan olmoqda. Bu boradagi olamshumul ishlarimizni o’rganish uchun dunyoning ko’pgina mamlakatlari (chunonchi, Amerika, Norvegiya, Gollandiya, Fransiya, Germaniya, Turkiya)dan tashrif buyurgan mutaxassis-olimlar an’anaviy madaniyatimiz, jumladan, bayramlarimizni tiklash bo’yicha qilinayotgan harakatlarimizga qoyil qolishmoqda.
Faxr bilan shuni aytish lozimki, O’zbekiston bayramlarini tashkil qilish tajribasi MDH da eng ilg’or deb tan olinmoqda. Shuning uchun bo’lsa kerak, dunyoning ko’pgina mamlakatlaridan kelgan mutaxassis olimlar O’zbekiston bayramlari saviyasiga tan berish bilan bir qatorda bu yerdagi tajribalarni o’rganish bo’yicha tadqiqotlar olib borishmoqda. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo’q” deganlaridek, o’zbek bayramlarini ko’proq chet el olimlari tadqiq etishmoqda. Balki o’z muvaffaqiyatimizga o’rganib qolgandirmiz. Balki xorijliklar bizning tajribamizni uzoqdan yaxshi ko’rsalar kerak. Yevropa va Amerikadan kelgan olimlar bayram bo’yicha bizlarning tajribalarimizning qiziqib o’rganishmoqda. Xususan, amerikalik sotsiolog olim Lora Adams Vatanimizga kelib, O’zbekiston bayramlariga oid doktorlik dissertatsiyasini yozdi va uni Amerikada yoqladi.
O’zbekiston bayramlarining asosiy amaliy yutug’i shundaki, jahonda anologi yo’q, an’anaviy-tarixiy va zamonaviy tajribalarni uyg’unlashtirgan bayramning yangi bosh tomoshasi – teatrlashgan musiqali – xoreografik kompozitsiya vujudga keldi. Aynan shu shakldagi tomosha ko’pchilikka manzur bo’lmoqda.
Shunday qilib, eng qadimgi davrlardan boshlab shakllana borgan o’zbek xalqi bayramlarini maxsus va har tomonlama tadqiq etishga katta ehtiyoj bor.