PARLAMENT PALATASI
PARLAMENT PALATASI — parlamentning tarkibiy bo’linmasi. Palatalar (odatda ular ikkita bo’ladi) o’rtasidagi munosabatlar teng huquqlilik va deputatlar (a‘zolar) sonining tengligi prinsipi asosida yoki yuqori va quyi palatalar prinsipi asosida quriladi. Yuqori va quyi palatalar prinsipi qabul etilganida, qonun loyihasini birinchi bo’lib ko’rib chiqadigan palata Quyi palata deb, ikkinchi bo’lib ko’rib chiqadigan palata Yuqori palata deb ataladi. Palatalar bir – biriga bo’ysinmaydi. Yuqori palata qonun loyihasini rad qilishi mumkin, ammo quyi palata o’z a‘zolari ovozlarining malakali ko’pchiligi 2/3 qismi bilan uni uzul – kesil qabul qilishga haqli. Palatalar teng bo‗lgan taqdirda ular parlament vakolatini birgalikda amalga oshiradi. Yuqori va quyi palatalar prinsipi sharoitida ularning har biri qonunchilik jarayonida o’z o‗rnini olishdan tashqari davlat hayotining u yoki bu masalalarini hal etishda boshqa mustaqil huquqlarga ham ega bo’ladi. Odatda, yuqori va quyi palatalar a‘zolarining soni ham turlicha bo’ladi. Birmuncha keng xalq vakilligi asosida shakllanadigan quyi palata a‘zolarining soni ko’proq bo’ladi. Odatda, son jihatdan kamroq bo’lgan yuqori palata ko’pincha davlatning qismlari, bo’laklari (federatsiya sub‘ektlari ) vakillaridan tashkil topadi, bu vakillar yo aholi tomonidan saylanadi yoki mintaqalarning vakolatli yoxud ijrochi organlari tomonidan ta‘minlanadi, yo bo’lmasa mintaqadagi vakolatli va ijrochi organlarining rahbarlari lavozimini egallab turganligi tufayli yuqori palata a‘zosi bo’ladi.