PATERNALIZM
PATERNALIZM (lot. paternus – otalarcha, otalik) — otalarcha homiylik (g’amxo’rlik) tamoyilining butun jamiyatga ko’chirilishi. Davlatning jamiyatdagi o’rnini kuchaytirish, davlatni fuqarolarga homiylik qilishini amalga oshirishga doir hokimiyat institutlarini tuzishga moyil davlat doktrinasi. Bunda hokimiyat xalqning ezgu niyatli homiysi sifatida qaraladi va jamiyatdagi munosabatlar pog’onaviy tus oladi. Paternalizm davlatning o’z fuqarolariga, firmalarning o’z xodimlariga, bir mamlakatning boshqa mamlakatga homiylik, g’amxo’rlik munosabati; ijtimoiy va mehnat munosabatlarini davlatlar o’rtasida, shuningdek, davlat va firma darajasida tartibga solish shakli. Davlat, firmaning ularga qaram bo’lgan sub‘yektlar – davlatlar, xalqlar, xodimlarga homiylik munosabatlarida, shuningdek, shunday g’amxo’rlik va homiylikka ishonch bilan qarash shakllarida namoyon bo’ladi. Paternalizm butun jamiyat boshlig’i davlat bo’lgan bir oila tarzida tasavvur etiladi. Nimaning yaxshiligi va yomonligini davlat belgilaydi, har bir kishining hokimiyat bo’g’inlari tizimida egallagan o’rnini hisobga olgan holda ne‘matlarni taqsimlaydi. Paternalizm munosabatlari jamoatchilik an‘analari kuchli bo’lgan mamlakatlar (Yaponiya, Koreya Respublikasi, Ispaniya, Italiya, Portugaliya va boshqalar)da ko’proq saqlanib qolgan, sobiq sovet ma‘muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotida ham Paternalizm unsurlari bo’lgan (masalan, korxonalarni raqobatdan va sinishdan himoya qilish, keng amal qiladigan ijtimoiy kafolatlar). Firmalar darajasida Paternalizm xodimlarni umrbod ishga yollash, pensiyaga chiqishda katta miqdorda bir yo’la nafaqalar to’lash, ish xaqini xodimning yoshi va uzluksiz ish stajiga ko’ra ko’tarish, xodimlarning o’zlari ishlaydigan firmaning ―o’z xonadoni‖ deb bilishi va boshqalarda ifodalanadi. Paternalizm an‘analarini qo’llash natijasida Yaponiya kata iqtisodiy yutuqlarga erishdi, ―yapon iqtisodiy mo’jizasi‖ni yaratdi. Paternalizm an‘analari va g’oyalari AQSH va Germaniyada ham qo’llaniladi.