Qipchoqlar

Qipchoqlar-turkiy xalqlarning eng yirik qabilalaridan biri. Qipchoqlar Rus solnomalarida “polovetslar”, Yevropaning ba’zi xalqlarida va Vizantiya solnomalarida “kumonlar” deb atalgan. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’atit turk” asarida qipchoqlar haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Qipchoqlarning ilk ajdodlarining bir qismi VI asrda G’arbiy Oltoydan chiqib, Mo’g’uliston va Tuva yerlariga kelib o’rnashgan. Ikkinchi qismi esa Irtish daryosining yaqinidagi dashtlarga ko’chib o’tib, kimaklarga tobe bo’lgan. X asr oxiri – XI asr boshida kimaklar davlati yemirilgach, qipchoqlar Irtishning g’arbidagi cho’llarda, ural va unga yaqin yerlarda yashovchi turkiy qabilalarning birlashishi natijasida kuchayib, qadimgi “Mafazat al-Guz” (O’g’uzlar yeri)ni ishg’ol qiladilar. XI asr boshlarida qipchoqlarning katta bir qismi Volgabo’yi dashtlariga, ikkinchi qismi esa Sirdaryo bo’ylariga kelib o’rnashadilar. G’arbga yo’nalgan qipchoqlar XI asrning 60-yillarida Qora dengiz va Azov dengizi yaqinidagi cho’llarda hamda Shimoliy Kavkaz, Shimoliy Don, Dnepr, Dunay daryolari bo’ylaridagi dashtlarda joylashadilar. Oqibatda Tyan-shanning g’arbiy tarmoqlaridan Dunay sohillarigacha bo’lgan ulkan hudud qipchoqlar qo’liga o’tdi va u yerlar “Dashti Qipchoq” deb atala boshlaydi. Qipchoqlarning asosiy mashg’uloti ko’chmanchi chorvachilik bo’lib, o’tovlarda yashaganlar, Keyinchalik qipchoqlarning katta bir qismi Sharqqa siljib, O’rta Osiyo va Qozog’iston hududida joylashadilar. Qipchoqlarning ko’pchiligi, asta-sekin o’troqlashib, dehqonchilik bilan shug’ullanganlar.