QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT
QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT — hokimiyat bo‗linishi prinsipi va nazariyasiga muvofiq davlatning uch hokimiyat tarmog’idan biri. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Konstitutsiya va qonunlarni qabul qilish, ularga tegishli o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish, zarur hollarda ularni belgilangan tartibda bekor qilish vakolatlariga ega bo’ladi. U hokimiyatlar bo’linishi nazariyasiga muvofiq, davlatning o’zaro muvozanatlashtirilgan hokimiyat tarmoqlaridan biri bo’lib, davlat oliy vakillik organi tomonidan qonunlar qabul qilish vakolatining ro’yobga chiqarilishidir. U oliy yuridik kuchga ega bo’lgan normativhuquqiy aktlar – qonunlar chiqarish bo’yicha vakolatlar yig‗indisini mujassamlashtiradi hamda ushbu vakolatlarni amalga oshiruvchi davlat organlari tizimi sifatida namoyon bo’ladi. Qonun chiqarish – davlatning o’ta muhim funksiyalaridan biri bo’lib, u saylab qo’yiladigan oliy vakillik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatning asosiy vazifasi xalqning (jamiyatning) irodasini qonun shaklida ifoda etishdir. Qonun chiqaruvchi hokimiyat – bu Konstitutsiyada mustahkamlangan oliy davlat vakillik idorasining qonunlar qabul qilish, ularni o’zgartirish va bekor qilish bo’yicha alohida vakolatlari hisoblanadi. Federativ davlat tuzilishi shakliga ega mamlakatlarda qonun chiqarish vakolati federatsiya sub‘yektlariga ham berilishi mumkin. Masalan, AQSHda shtatlar, Rossiyada federatsiya sub‘yektlari qonun chiqarish vakolatiga ega. Federatsiya sub‘yektlari tomonidan qabul qilingan qonunlar federatsiya Konstitutsiyasi va federal qonunlarga zid kelmasligi kerak. O’zbekistonda Qonun chiqaruvchi hokimiyat yaxlit davlat hokimiyatining mustaqil bir tarmog’i bo’lib, u qonun yaratish jarayonini O’zbekiston Respublikasi parlamenti – Oliy Majlisi faoliyati orqali amalga oshiradi.