Rabinjon, Arbinjon
Rabinjon, Arbinjon — So’g’dning qadimgi shaharlaridan biri. Samarqand shahridan 100 kilometr g’arbda, Fay (pay) kanali bo’yida joylashgan. Rabinjon xarobalari Narpay tumanidagi ko’hna Oromijon shahri xarobasi o’rnida bo’lgan deb taxmin qilinadi. Rabinjonni A. Yu. Yakubovskiy (1934), G. A. Pugachenkova (1969), shuningdek, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti xodimlari (1971— 73) o’rganishgan. Shahar to’rtburchak qo’sh devor va xandaqlar bilan o’ralgan mustahkam qal’adan iborat. Narpay kanali qirg’og’ida joylashgan alohida qo’rg’on bo’lgan. Qal’a 3 tomondan Shahriston va mudofaa devorlari bilan o’rab olingan. Hovuz, bozor va hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan shahristonning Janubiy tomonida koshinkorlik va ma’dan eritish korxonalari bo’lgan. Shahriston va rabod hududidan kanal o’tgan. Shahar hayotining dastlabki davri 4-7-asrlarga to’g’ri keladi. Shu davrga oid binokorlik qoldiqlari, haykaltaroshlik namunalari, oltindan ishlangan ziynat buyumlari saqlangan. 9-10-asrlarda Rabinjon Yaqin va uzoq Sharq mamlakatlari bilan Movarounnahrni bog’lab turadigan yirik shaharga aylangan. Bu yerda qadimgi So’g’d san’ati namunasi saqlangan uy va 10-asrning 1-yarmiga oid 44 ta oltin tanga topilgan. 1158 yilda Xorazmshoh Elarslon qo’shinlari bilan Samarqandning qoraxoniy hukmdori Chag’rixon qo’shinlari o’rtasidagi jangdan so’ng Rabinjon vayronaga aylangan. Ad.: Bartold V. V., Sochineniya, t. 1, M. 1963.