Rabot

Rabot — Marokash poytaxti. Sale shahri bilan Rabot -Sale prefekturasini tashkil etadi. Atlantika okeani sohilida, unga Buregreg daryosining quyilish yerida joylashgan. Aholisi 1,38 million kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Iqlimi subtropik, o’rtacha temperatura yanvarda 12°, iyul- da 22°. Yillik yog’in 530 mm. Transport yo’llarining muxim tuguni, temir yo’l va avtomobil yo’llari orqali mamlakatning boshqa yirik shaharlari, shuningdek, Jazoir va Tunis bilan bog’langan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Rabot — mamlakatning yirik iqtisodiy markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: to’qimachilik va tikuvchilik, oziq-ovqat, metallsozlik, ko’n-poyabzal, yog’ochsozlik, kimyo, poligrafiya. Mebel, mineral o’g’itlar ishlab chiqariladi. Rabot — mamlakatning ilmiy va madaniy markazi: universitet (1957), konservatoriya, ilmiy tadqiqot muassasalari, milliy teatr, Udayya muzeyi, xalq san’ati va boshqa muzeylar, kutubxonalar bor. Shaharda banklar, hukumat idoralari joylashgan. Shaharga 1150 yilda muvahhidlar tomonidan asos solingan. 17-asrda Rabotga Andalusiyadan musulmon hunarmand va savdogarlarining ko’chib kelishi munosabati bilan shahar tez rivojlandi. 1627— 66 yillarda mustaqil Rif Respublikasi poytaxti. 19-asrda Rabot siyosiy va iqtisodiy markazga aylandi. 20-asr boshlarida Fransuz bosqinchilariga qarshi milliy ozodlik kurashi markazi. 1912-56-yillarda Frantsiya protektoratining ma’muriy markazi. 1956 yildan mustaqil Marokash davlatining poytaxti. Rabotning tarixiy markazi Buregreg daryosi bo’yidagi qoya ustida joylashgan. Shaharning eski qismi 12-asr oxirida baland devor bilan o’ralgan. Me’moriy yodgorliklaridan katta masjid (14- asr), Hasan masjidi (12-asr), maqbaralar, Qirol saroyi (1775) va boshqalar saqlangan. Shaharning Janubda yangi zamonaviy binolar qurilgan.