Radioizotop diagnostika

Radioizotop diagnostika – radioaktiv izotoplar va nishonlangan birikmalar yordamida kasallikni aniqlash. Radioizotop diagnostikaning asosiy usuli radioaktiv indikasiya, ya’ni organizmga yuborilgan radioaktiv moddalarni kuzatib borishdir. Ko’pgina kimyoviy elementlarning radioaktiv izotoplari o’zidan ionlovchi nurlar chiqarib turadi; izotop organizmga yuborilganidan keyin uning taratadigan nurlarini maxsus apparatlar yordamida juda aniqlik bilan qayd qilish mumkin. Zamonaviy radiologik apparatlar radioaktiv birikmalar juda kam miqdorda, ya’ni tekshirilayotgan kishining organizmi uchun amalda hech bir ziyonsiz indikator miqdorda olinganda ham ularni aniqlash va o’rganishga imkon beradi. Vrach radioaktiv moddalarning bemor organizmida qanday taqsimlanishi, bir joydan ikkinchi joyga o’tishi va organizmdan chiqib ketishiga qarab, tegishli elementlarning organizmdagi biokimyoviy va fiziologik jarayonlarda qay tariqa ishtirok etishi to’g’risida fikr yuritadi. Radioizotop diagnostikaning laboratoriya radiometriyasi, klinik radiometriya, klinik radiografiya va skanirlash usullari ko’p qo’llanadi. Laboratoriya radiometriyasida qon, siydik va axlatning ma’lum qismini tekshirib, nishonlangan birikmaning boryo’qligi aniqlanadi. Bu usul qon plazmasi hajmi va undagi qizil tanachalar sonini aniqlashda qo’llanadi. Klinik radiometriya a’zo va to’qimalarda to’plangan nishonlangan birikmalarni bemordagi nurlanishni tashqi tomondan o’lchash yo’li bilan aniqlashga asoslangan. Bu usul bilan qalqonsimon bez funktsiyasi aniqlanadi. Klinik radiografiya usulida nishonlangan birikmaning turli a’zolarga o’tish tezligini aniqlash orqali a’zolarning fiziologik faolligi tekshiriladi. Klinik radiografiyada maxsus radiodiagnostik apparatdan foydalaniladi, radiometrik o’lchov natijalari lenta qog’ozga egri chiziqlar ko’rinishida yozilib boradi. Skanirlash Radioizotop diagnostikaning keng tarqalgan usuli; a’zo va to’qimalar (jigar, buyrak, o’pka, qalqonsimon bez, orqa miya va bosh miya, suyaklar, limfa sistemasi)ning ma’lum radioaktiv preparatlarni to’plab borishiga va buning natijasini skanir deb ataladigan maxsus apparat yordamida qayd qilishiga asoslangan. Skanirda nurlar impulslarini qabul qilib oladigan datchik bo’ladi. Bu datchik bemor tanasining tekshirilayotgan joyi ustidan avtomatik ravishda yurib borib, nur impuls larini o’ziga qabul qiladi va ularni elektr signallarga aylantirib beradigan moslamaga o’tkazadi, shu moslamadan chiqadigan elektr signallari ularni qayd qilib boradigan qurilmaga tushadi. Elektr impulsi ta’sirida, xuddi yozuv mashinasidagidek, registrator qora lenta ustidan qog’ozga urib, unga shtrixlar, nuqtalar yoki raqamlar ko’rinishidagi belgilarni tushiradi. Datchik badanning tekshirilayotgan joyi ustidan o’tib borayotganida radioaktiv izotopning a’zoda qanchalik to’planganiga qarab belgilar har xil zichlikda tushadi. Organning radioaktiv preparatni ko’proq yutib olgan qismlaridan skanogrammaga belgilar ancha zich, qalin bo’lib tushadi. Preparat o’tmagan yoki ozroq o’tgan joylardan esa belgilar tushmaydi yoki ancha siyrak bo’ladi. Radioizotoplar bilan ichki organlarni skanirlash tekshirilayotgan organning organizmda qanday joy olgani, uning shakli va katta-kichikligini, shuningdek, unda patologik o’zgarishlar bor-yo’qligini aniqlashga imkon beradi. Bemorlarni radioizotoplar yordamida tekshirish usullarining asosiy afzalligi shuki, bunda bemor og’riq sezmaydi va unga hech qanday ziyon yetmaydi, Lekin olingan natijalar ancha aniq bo’lib chiqadi. Diagnozlash maqsadida foydalaniladigan nishonlangan preparatlar kishi organizmiga mutlaqo zararsizdir. Shuning uchun tekshirish paytida bemor normal rejimda bo’ladi. Narimon Murodxo’jayev.