Raqs
Raqs — san’at turi. Bunda raqqos(a)ning garmonik tana harakati va holatlari, plastik ifodaviyligi va yuz imo-ishoralari, ritm, temp, kompozitsiya orqali obraz yaratish Raqsning asosiy vositasidir. Insonning mehnat jarayoni va borliqdan olgan emotsional taassurotlari bilan bog’liq holda yuzaga kelgan. Dastlab qo’shiq va so’z bilan bog’liq bo’lib, keyinchalik mustaqil san’at turiga aylangan. Raqs asrlar davomida takomillashib, barqaror shakllarga ega bo’la borgan. Ijrochining libosi Raqs obrazlariga aniqlik beradi. Har bir xalqning Raqs an’analari, ijro uslubi, plastik tasviriy vositalari bo’lib, ular tarixiy, ijtimoiy va geografik sharoitlar ta’sirida tarkib topib rivojlangan. Raqs xalq marosimlari, bayramlarining tarkibiy qismidir. Ular bilan bog’liq holda xorovod va marosim o’yinlari paydo bo’lgan. Xorovodlar asta-sekin marosim o’yinlaridan xalos bo’lib, xalq turmushining ayrim tomonlarini aks ettira boshlagan. Xalq raqsida ovchilik, chorvachilik, dehqonchilik va hunarmandlik bilan bog’liq mavzular, shuningdek, xalqning bosqinchilarga qarshi kurashi va lirik kayfiyati o’z aksini topgan. Raqs musiqa bilan uzviy bog’liq, musiqa mazmunini obrazlar vositasida ochib beradi. Xalq Raqslarida ritm muhim bo’lib, u musiqada o’z ifodasini topadi, oyoq, ko’l, bosh va tana harakatlari umumiy ritmga bo’ysunadi, bir-biri bilan bog’lanadi. O’zbek Raqslari mazmunini ifodalashda ijrochilar tepki, qarsak, zangdan ham foydalanadi. Ayrim Raqslar ro’mol, piyola, qadah kabi buyum bilan ijro etiladi, ba’zan ijrochi xalq cholg’u asboblari (qayroq, doira, nog’ora va hokazolar)da o’ziga o’zi jo’r bo’ladi. G’arbiy Yevropa xalqlari Raqsida, asosan oyoq harakatlari muhim bo’lib, qo’l va tana harakatlari unga jo’r bo’ladi. Sharqda esa qo’l va tana harakatlari plastik ifodaviylikning asosiy vositalaridir. Sahnaviy Raqs xalq ijodiga tayanadi, uning merosi va o’ziga xos fazilatlarini saqlaydi va rivojlantiradi. U dastlab Yunoniston, Hindiston va boshqa mamlakatlarda paydo bo’lgan. Xalq Raqslari asosida tarkib topgan professional Raqslar yuksak darajada rivojlanib, turli Raqs tizimlari (xususan, Yevropa va Sharq mumtoz Raqslari) qaror topgan. Yevropa professional Raqs san’atining rivojlanishiga Yunoniston va Rim Raqs san’ati salmoqli hissa qo’shdi. O’rta asrlarda Yevropada jonglyor, Shpilman va skomoroxlar ijodidagina Professional Raqs ning ilk ko’rinishlari namoyon bo’ldi. 15-16-asrlarda moreski, ballafigurato nomli syujetli Raqslar rasm bo’lib, Raqs haqida risola va darsliklar yaratildi. 17—asrda balet Raqs spektakllari yuzaga keldi va Raqs san’ati yangi texnika bilan boyidi. 20-asr boshida esa «modern» (ritmoplastik) raqsi paydo bo’ldi. 40-60-yillarda Yevropa va AQSh da kontsert ijrochiligiga mo’ljallangan kichik xoreografik asarlar, estrada Raqs rivoj topdi. Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbyokiston hududida topilgan qoya tosh tasvirlari arxeologik topilmalar bu yerda Raqs juda qadimligidan guvohlik beradi. O’zbek Raqs san’atining qadimiyligi, shakl va turlarining boyligi ajdodlarimiz asosan dehqonchilik va hunarmandchilik bilan bog’liq bo’lganidan kelib chiqqan. Zardushtiylarning muqaddas kitobi «Avesto» davridayoq Raqs san’ati shakllanib, xalq va professional Raqs — ikki yo’nalishda rivojlanishga kirishgan edi. Yunon — Baqtriya podsholigi davrida (miloddan avvalgi 4-3-asrlar) Turon Raqs san’atining darajasi Yunoniston, Vizantiya, Hindiston va Xitoy Raqsi bilan bahslashishiga imkon bergan. Shahar madaniyatining rivojlanishi tufayli bu san’at yanada mazmundor va rang-barang bo’la boradi. 4-8-asrlarga kelib O’zbekistonning Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Toshkent kabi shaharlaridan Raqs ustalari Buyuk ipak yo’llari bo’ylab Rum, Misr, G’arb o’lkalarigacha, Sharqda Xitoy, Koreya va hatto Yaponiyagacha borib, o’z san’atlarini namoyish etadilar. Chunonchi, Xitoyda ajdodlarimizning «Xusyuan’u» raqsi mashhur bo’lgan. Shoir Yuanchjan (776-831) va boshqalar madh etgan. Musulmonlik davrida ham O’zbekiston sarhadlarida turli taraqqiyot bosqichlarida paydo bo’lgan. Raqslar, o’yinlar bir-biriga ta’sir ko’rsatib, yonmayon yashab kelgan. Shu bois shahar va qishloqlarda o’tkazilgan to’y, bayram va ma’rakalardagi «Beshqarsak» kabi qadimgi o’yinlar ham, «katta o’yin», «Lazgi», «Kema o’yin», «Ashshadaroz» singari katta umumlashmaga, ramziy timsollarga ega. Raqslarni ham, jangovar o’yinlarni ham uchratish mumkin bo’lgan. 9-12-asrlardagi Uyg’onish davrida Raqs san’atida ham chinakam ko’tarilish yuz bergan, ko’pgina qadimgi Raqslar tiklanib, Navro’z, Mehrjon va sada bayramlarida namoyish qilingan. Abul Fayz Bayhakiyning yozishicha, o’sha davrda birgina Termiz shahrining o’zida yuzlab san’atkorlar bo’lib, Amir Ma’sudni kutib olish uchun Termizdan 300 dan ziyod san’atkor Amudaryo bo’yiga kelgan ekan. Buxoro, Gurganj, Kesh va boshqa shaharlarda ham Raqsga e’tibor baland bo’lgan. Xorazmda Abul Abbos Ma’mun hukmronligi davrida (1003-1017) Raqs san’ati yaxshi rivojlangan. Raqs san’ati, ayniqsa, Amir Temur va Temuriylar saltanatida ravnaq topgan. Unda xotinqizlarning o’rni katta bo’lgan. Rang-baranglik, tarixiy qatlamlar Raqsda yaqqol ko’zga tashlangan. Olov atrofidagi o’yinlar, Anaxita va Rustam timsollariga bag’ishlangan o’yinlar, maqom Raqslari, «Arg’ushtak» kabi Raqslar shu jumladandir. «Munojot», «Tanavor», «Lazgi» Raqslari ham aynan shu davrda malakali ijrochilar dasturidan mustahkam o’rin olgan. 15-asrning 2-yarmi va 16-asr boshida Sayyid Badr, Tohir chakka, Mohchuchuk, Maqsudali, Katta moh, kichik moh laqabli Raqs ustalari shuhrat qozondi. Bu davrda Raqs san’ati xalq raqsi va malakali Raqs yo’nalishida rivojlandi. Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklari vujudga kelgach, Raqs san’atida ham o’ziga xos uslublar maydonga keldi. Bu davrda jaholat, mutaassiblik kuchaygani sababli Raqs san’atida o’smir bolalar va yigitlar yetakchilik qilgan. Ayollar raqsi esa sozanda (Buxoro amirligi), xalfa (Xiva xonligi) va yallachi (Farg’ona vodiysida) deb yuritilgan ayol san’atkorlardan iborat ixcham to’dalarning teatrlashgan dasturlarida rivojlanib, ichkarilarda uyushtiriladigan ziyofat va bazmlarda ko’rsatib kelingan. Erkaklarning yig’inlarida raqqosalar xufiyona qatnashganlar. 20-asrda Raqs san’ati Buxoro Raqssi, Xorazm Raqssi, Farg’ona Raqssi yo’nalishida; zamonaviy sahna talablari asosida qayta ishlangan sahnaviy xalq Raqsi sifatida: milliy Raqs unsurlaridan foydalangan balet spektakllari tarzida rivojlanib keldi. Mazkur yo’nalishlarning har biri asr davomida bir necha tarixiy bosqichni bosib o’tib, o’z shakli-shamoyili, mazmuniga ega bo’ldi. Bir qator davlat va xalq Raqs jamoalari jahonga tanildi. Bunda Hamdamxon, Yusufjon qiziq Shakarjonov, usta olim Komilov, Tamaraxonim, Mukarrama Turg’unboeva, Gavhar Rahimova, Roziya Karimova, Qunduz Mirkarimova, Karim Rahimov, Qodir Mo’minov, Ma’mura Ergasheva, Yulduz Ismashova, Shokir Ahmedov, Gavhar Matyoqubova, Rushana Sultonova, Dilafro’z Jabborova, Qizlarxon Do’stmuhamedova, Malika Ahmedova kabi Raqs ustalarining xizmati katta. Mustaqillik davrida Raqs san’ati yanada tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. 1997 yil 8 yanvarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «O’zbekistonda milliy raqs va xoreografiya san’atini rivojlantirish to’g’risida»gi farmoni va mazkur farmonni bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining o’sha yili 25 Fevralda 101-qarori chiqdi. Shu asosda M. Turg’unboyeva nomidagi «O’zbekraqs» ijodiy birlashmasi tashkil topdi, birlashma qoshida maxsus jamg’arma tuzildi. Xoreografiya bilim yurti negizida esa Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi barpo etildi. «O’zbekraqs», «O’zbeknavo» ijodiy birlashmalari tarkibidagi ansambllar, xalq Raqs merosini o’rganish va tiklash asosida yangi Raqslar yaratish, an’anaviy Raqslarni asrab-avaylash va munosib darajada namoyish etish, yosh raqqos va raqqosalarni tarbiyalab etishtirish bo’yicha olib borayotgan harakatlari ijobiy natijalar bermoqda. Milliy raqs ijrochiligi bo’yicha M. Turg’unboyeva nomidagi mukofot ta’sis etilgan. Bir qator davlat va xalq Raqs ansambllari (masalan, «Bahor», «Tanavor» va boshqalar), Raqs ustalari jahonning turli mamlakatlarida bo’lib, o’zbek Raqs san’atini namoyish etmoqdalar. Ad.: Avdeeva L . A., Iz istorii uzbekskoy nasionalnoy xoreografii, T., 2001; Qodirov M., O’zbek xalq tomosha san’ati, T., 1981; Avdeeva L. A., Qodirov M. X., Ismatova Yu., «Tanavor» raqsi jilolari, T., 2002. Muhsin Qodirov.