Reaktor

Reaktor (re… va lotincha actor — harakatga keltiruvchi) — 1) elektr Reaktor — qisqa tutashuv tokini cheklash va tarmoqda qisqa tutashuv sodir bo’lganda taqsimlash qurilmalari shinalarida yetarlicha kuchlanishni tutib turuvchi yuqori voltli elektr apparati. Induktivlik g’altagiga o’xshash yasaladi. Elektr uzatuvchi liniyaning sig’im o’tkazuvchanligini kompensatsiyalaydigan shuntlovchi Reaktor, qisqa tutashish tokini cheklaydigan tok cheklovchi Reaktor, yerga ulash sig’im toklarini kompensasiyalaydigan, yerga ulanadigan, yoy so’ndiruvchi Reaktorlarga bo’linadi; 2) kimyoviy Reaktor — kimyoviy reaktsiyalar o’tkaziladigan apparat. Alomatlariga ko’ra, gomogen tizimlar va geterogen tizimlarda o’tkaziladigan reaktsiyalar uchun past, o’rtacha va yuqori bosimli xillarga bo’linadi. Sanoatda kolonka, kamera, avtoklav va boshqa nomlar bilan ataladi; 3) biologik Reaktor (fermentyor) — mikroorganizmlarni ozuqa muhitida va xoli sharoitda ko’paytirib turli biologik mahsulotlar olishga mo’ljallangan apparat. Davriy va uzluksiz o’stirish, aerob (aerasiya uchun havo berib turiladigan) va anaerob o’stirish xillariga bo’linadi; 4) yadro Reaktori — boshkariladigan zanjir reaktsiyasi — atom yadrolarining parchalanish reaktsiyasi sodir bo’ladigan qurilma. Birinchi yadro Reaktor AQSh da (1942), keyin SSSRda (1946) ishga tushirilgan.