Rediska, Redis
Rediska, Redis (Raphanus sativus var. radicula) — karamguldoshlarga mansub bir (ekilgan yili gullaydi) va ikki (2-yili gullaydi) yillik sabzavot ekini. Dunyodagi ko’pgina dehqonchilik mintaqalarida ochiq va yopiq (himoyalangan) yerlarda o’stiriladi. Gullari ikki jinsli, chetdan (hasharotlar orqali) changlanadi. Qo’zog’i urchuqsimon yoki g’o’lasimon, urug’i och kulrang, 1000 donasi 8-10 gramm. Ildizmevasi tekisdumaloq, uzun, konus va DUK (urchuq) shaklida, tusi, asosan, oq, qizg’ish, qizil va to’q qizil rangda, vazni 5 grammdan 200 grammgacha. Tarkibida qand, oqsil, S vitamini bor. Sovuqqa chidamli, namsevar o’simlik. Urug’i 3— 4°da una boshlaydi. O’sishi va ildizmevasining rivojlanishi uchun eng maqbul harorat 15-18°. 3-4° sovuqqa bardosh beradi. Uncha yorug’ bo’lmagan joyda, masalan, parnikda ham yaxshi o’sadi. Dala sharoitida 50-120 tsentner hosil olinadi. Issiqxona va parniklarda Rediska urug’i dastaki seyalkada yoki qo’lda 1-1,5 santimetr chuqurlikda ekiladi. Parniklar shamollatib va tez-tez sug’orib turiladi. Suyuq mineral o’g’it bilan oziqlantiriladi. Parnikda 20-40 kunda yetiladi. Urug’olish uchun Rediska ildizmevasi 60X30 yoki 60×60 santimetr qilib ekiladi. Kuzoqlari yoppasiga sarg’ayganda o’rib olinadi, kurigandan keyin yanchib, saralanadi. Har gektar yerdan 12— 15 tsentner urug’ olinadi. Urug’ining unuvchanligi 4-5 yil saqlanadi. O’zbekistonda Rediskaning qizil ulkan (serhosil, kechpishar, 40-50 kunda yetiladi, yirik, uzun — 12-15 santimetr, eti oq, zich, sersuv), mahalliy Mayskiy (o’rtapishar, 40-45 kunda yetiladi, och qizil, uzun). Dumaloq, (qizil, oq uchli, o’rtapishar, maydaroq), Saksa (juda ertapishar — 25 kunda yetiladi, dumaloq, to’q qizil, o’rtacha yirik) va dungani 12/18 (ertapishar navlari rayonlashtirilgan. Zararkunandalari: karamguldoshlar burgalari, qandalalar va boshqalar; kasalliklari: qora ildiz, fomoz, fuzarioz va boshqalar. Rafiqa G’anixo’jayeva.