Resurslar kamyobligi
Resurslar kamyobligi — jamiyat hayotida ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladigan resurslarning cheklanganligi va tiklanmaydigan resurslarning tobora kamayib borishi. Resurslarning kamyobligi umumiy hodisa bo’lib, inson ehtiyojlarining cheksizligi bilan resurslarining cheklanganligi o’rtasidagi nomutanosiblik iqtisodiyotning azaliy muammosidir. Ekiladigan erlarning, yer osti va yer usti boyliklarining, mehnatga yaroqli aholi sonining cheklangan bo’lishi, energiya resurslarining yetishmasligi va boshqalarda ko’rinadi. Masalan, keyingi 200 yil ichida yer kurrasida iste’molchilar soni 5 marta ko’paydi, ammo yer sathi, tabiiy boyliklar ko’paygani yo’q. Yer kurrasining 72% okeanlardan iborat, ammo quruqlikning talay qismida yashab bo’lmaydi. Resurslar kamyobligi hodisasi ishlab chiqarishda resurslarni tejovchi texnologiyalarni yaratishga turtki beradi, resurelar sarfining eng tejamli usullari tanlanadi, mahsulot birligini yaratish uchun ketadigan resurs sarflari qisqartiriladi, ehtiyojlarni qondirishning oqilona darajasiga amal qilinadi.