Riga

Riga — Latviya Respublikasidagi shahar. Respublika poytaxti. Yirik industrial, ilmiy va madaniy markaz, temir yo’l tuguni, dengiz porti. Daugava (G’arbiy Dvina) daryosi sohilida, uning Riga qo’ltpig’ita quyilish joyida. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -4,5°, iyulniki 18°. Yillik yog’in miqdori — 649 mm. Maydoni 307 kilometr. Aholisi 764 ming kishidan ziyod (2000). Olti shahar tumanidan iborat. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Riga 10-11-asrlarda vujudga kelgan. Shahar sifatida 1201 yilda tilga olingan. 13— 16-asrlarda Riga arxiepiskopligiga bo’ysundirilgan. 14-asr boshida Ganza tarkibiga kirgan. 1561 yilgacha Livon ordeni tarkibida. 1561 yildan erkin shahar, savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. 1581 yilda Rech Pospolita hukmronligi ostiga o’tgan. 1621 yil shvedlar tomonidan bosib olingan. Rigani Shimoliy urush davrida 1710 yil 14 iyulda rus qo’shinlari egallagan. 1714 yildan Riga, 1796 yildan Liflyandiya gubernyasining markazi. 18-asr oxirida Riga Rossiyaning eng yirik porti va savdo markazi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida yirik sanoat markazlaridan biri. Riga 1919 yildan Latviya Respublikasi poytaxti, 1940-90 yillarda Latviya SSR poytaxti, 1990 yil maydan yana Latviya Respublikasi poytaxti. Mashinasozlik va metallsozlik, shu jumladan, elektrotexnika va radioelektronika, kimyo, kimyo-farmatsevtika, yog’ochsozlik, yengil, oziq-ovqat sanoatlari bor. Parfyumeriya-kosmetika zavodi faoliyat ko’rsatadi, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Riga — baliq sanoatining yirik markazi. Konserva-kulinariya va sardina zavodlari, baliqchilik portida tral va refrijerator floti bazalari ishlab turibdi. Riga porti muhim ahamiyatga ega. Daugavada kemalar qatnaydi. 2 aeroport bor. Shahar eski va yangi qismlarga bo’linadi. Eski Riga hududida o’rta asr me’moriy yodgorliklaridan dom cherkovi (13-asr), Ekaba (13-asr), Yan (manbalarda dastlab 1297 yilda tilga olingan) va Peter (13-15-asr boshlari) cherkovlari, orden qasri (14-19-asrlar), 15-18-asrlar turar joylari, birodarlik qabristoni memorial majmui (1924-36 yillar) va boshqalar saqlanib qolgan. Rigada 7 oliy o’quv yurti (shu jumladan, Latviya universiteti, Riga texnika universiteti, konservatoriya), Riga Badiiy Akademiyasi (Yevropada eng ko’hna akademiyalardan), 21 muzey (shu jumladan, Latviya tarixi muzeyi, shahar tarixi va dengiz sayyohligi muzeyi, tabiat muzeyi, adabiyot va san’at tarixi muzeyi, badiiy muzey, etnografiya muzeyi va boshqalar), 9 teatr (shu jumladan, Latviya Milliy operasi teatri), filarmoniya, tsirk, telemarkaz, kinostudiya bor. Shahar markazida 2004 yil aprelda Mirzo Ulug’bekka haykal o’rnatilgan. Riga yaqinida Yurmala kurorti faoliyat ko’rsatadi.