Rikketsiozlar, bakteriyasimon mikroorganizmlar

Rikketsiozlar, bakteriyasimon mikroorganizmlar — rikketsiyalar qo’zg’atadigan o’tkir yuqumli kasalliklar. Hayvonlar, qon so’ruvchi hasharotlar (bit, burga, kana) va odamda uchraydi. Rikketsiozlarga epidemik toshmali terlama, ku isitmasi, okop isitmasi va boshqalar kiradi. Rikketsiyalar mikrometr ulushlaridan tortib, bir necha mikrometrgacha kattalikda bo’ladi. Shakli sharsimon, ipsimon, kalta yoki uzun tayoqchasimon bo’lishi mumkin. Rikketsiyalar turli xil hasharotlar (burga, bit va kanalar) organizmida parazitlik qiladi. Rikketsiozlar qon orqali o’tadigan yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. Rikketsiozlarning qo’zg’atuvchilari kasal odam (hayvon) qoni va limfasida muayyan vaqtgacha aylanib yurib, undan qon so’ruvchi hasharotlar (burga, bit) va kanalar orqali sog’lom kishi qoniga o’tadi, hasharotlar rikketsiyalarni faqat najasi yoki so’lak bezlari sekreti orqali ajratadi. Ayrim hollarda, masalan, ku isitmada Rikketsiozlar qoramol suti va siydigi orqali toqadi. Tabiiy sharoitda Rikketsiozlar turli xil yovvoyi sut emizuvchilar (asosan, kemiruvchilar) da uchraydi, bulardan (rikketsiyalarning qonda aylanib yurishi davrida) burga va kanalar kasallikni yuqtiradi. Odamga kasallik kana qonni so’rganida, rikketsiyalar bit, burga, kana najasi orqali zararlangan teriga (masalan, terini qashiganda) yoki chang bilan shilliq pardalarga tushganida yuqadi. Rikketsiozlar orasida epidemik toshmali terlama va okop isitmasi antroponoz kasallikdir, bular bilan ko’proq odam kasallanadi. Ularning qo’zg’atuvchisi bemor qonidan kasallik tarqatuvchi (bitlar)ga qrn so’rganida o’tadi, ulardan esa boshqa kishilarga tarqaladi. Qolgan Rikketsiozlar — zoonoz kasalliklardir. Bunda odamga kasallik kasal hayvonlardan rikketsiyalar o’tgan burga yoki kanalar chaqqanda yuqadi. Kasallik to’satdan boshlanadi, bemor isitmalaydi, boshi va muskullari og’riydi va badaniga toshma toshadi. Qon tomirlarning devorlari, shuningdek, Markaziy nerv sistemasi zararlanadi. Bemor kasalxonada davolanadi. Rikketsiozlarning oldini olish uchun qon so’ruvchi hasharotlar (kana, bit, burga) va kemiruvchilarga qarshi kurash olib borish lozim.