Rossiya milliy kutubxonasi
Rossiya milliy kutubxonasi, M.E. Saltikov- Shchedrin nomidagi Rossiya davlat milliy kutubxonasi — Rossiya Federatsiyasining eng qadimgi universal kutubxonasi; jahondagi eng yirik kutubxonalardan biri. Sankt-Peterburg shahrida 1795 yilda imperator ommaviy kutubxonasi va kitob xazinasi sifatida asos solingan. 1814 yil 2(14) yanvarda omma uchun ochilgan. 1917 yildan Rossiya kutubxonasi, 1925 yildan ommaviy kutubxona, 1992 yildan hozirgi nomida. 1932 yilda M.E.Saltikov-Shchedrin nomi berilgan. 1811 yildan mamlakat nashrining majburiy nusxasini oladi (shu tufayli 19-asr rus kitobi va davriy nashrining to’liq to’plamiga ega). 1914 yil fondida 2 milliondan ziyod nashriy asarlar bo’lgan. 1998 yilda 32 millionga yaqin kitob birligiga etgan. Nodir nashrlar fondida Volterning shaxsiy kutubxonasi (7 mingdan ziyod), Behzod ijodiga mansub miniatyuralar, qo’lyozmalar (300 mingdan ziyod; jumladan, O’rta Osiyoda yaratilgan ko’plab qo’lyozmalar) saqlanadi, ular orasida toshplita, daraxt po’stlog’i, papirus, pergament, ipak va bdagi yozma yodgorliklar mashhur. Kutubxonaning fan sohalari va nashr turlari bo’yicha 28 ta qiroatxonasi, bibliografik ma’lumotnoma nuqtalari, Markaziy ma’lumotnoma kutubxonasi bor. Kutubxonaning boy fondini yorituvchi kataloglar, yangi kitoblar haqida axborot byulletenlari nashr etiladi, bibliografiya va kutubxonashunoslik, kitob tarixi sohasida yirik ilmiy metodik va ilmiy tadqoqpt ishlari olib boriladi. Kutubxona klassisizm va ampir uslubida qurilgan ko’hna binoga joylashgan (me’morlar: 1796-1801, E.T. Sokolov; 1828-32, K.I.Rossi; 1896-1901, E.S.Vorotilov va boshqalar).