SANKSIYA

SANKSIYA (lot. sanctio – qat‘iy qaror) — 1) huquqbuzarga nisbatan qo’llaniladigan va uning uchun muayyan oqibatlar keltiruvchi chora. Sanksiya xarakteri va qaysi organ tomonidan qo’llanilishiga qarab jinoiy-huquqiy, ma‘muriy-huquqiy, intizomiy huquqiy, mulkiy Sanksiyaga bo’linadi. Jinoiy-huquqiy Sanksiya (ozodlikdan mahrum qilish, surgun va h.k.) faqat sud tomonidan qo’llaniladi; ma‘muriy-huquqiy Sanksiya (jarima, ma‘muriy qamoq) militsiya, politsiya, davlat inspeksiyasi va h.k. tomonidan; intizomiy – huquqiy Sanksiya (lavozimini pasaytirish, ishdan bo’shatish) — mansabdor shaxslar va ma‘muriyat tomonidan; mulkiy Sanksiya (masalan, qoida buzuvchining jabrlanuvchiga yetkazilgan ziyonni to’lashi yoki jabrlanuvchi foydasiga undirib berilishi, bitim, shartnoma yoki kontraktni haqiqiy emas deb topish, neustoyka to’lash va h.k.) sud, xo’jalik sudi tomonidan alohida chora sifatida yoki boshqa choralar bilan birgalikda qo’llaniladi; 2) umumiy huquqiy normaning mazkur normani buzuvchiga nisbatan ta‘sir ko’rsatish chorasini ichiga olgan bir qismi; 3) jinoyatda gumon kilingan shaxsga nisbatan majburiy chora (qamoqqa olish, tintuv va boshqalar) ko’rish uchun prokuror tomonidan beriladigan ruxsat; 4) xalqaro huquqda — o’z xalqaro majburiyatlarini yoki xalqaro huquq normalarini buzgan davlatga nisbatan qo’llaniladigan ta‘sir chorasi (qamal, boykot, embargo, repressaliyalar, retorsiyalar va boshqalar); 5) yuqori instansiyaning biror narsani tasdiqlashi, ijozati.