Savatchilik

Savatchilik — badiiy hunarmandlik turi; O’rta Osiyoda qadimdan mavjud bo’lgan. Savat to’qishda xom ashyo sifatida tol, tut, turang’il, yulg’un novdalari, bug’doy poyasi, qamish va boshqalardan foydalaniladi. Novdalarni ma’lum vaqt (sentabr—oktabr)da yig’ib olinadi, bir necha kun salqin joyda saqlanadi, mustahkamligini oshirish uchun vaqt-vaqti bilan suv sepib turiladi, shunda ular yaxshi bukilib, sinmaydigan bo’ladi. Ayniqsa, qora tol novdasidan to’qilgan savatlar qadrlangan. Ba’zan novdalarning pusti tozalanib ham savat to’qiladi. Savatchilik O’zbekistonning barcha viloyatlari (jumladan, Farg’ona, Toshkent va boshqalar)da tarqalgan. Savatchilik bo’yicha mutaxassislar Usta-shogird usulida, hozirgi kunda turli badiiy bilim yurti, to’garaklarda ham tayyorlanadi.