Sharafiddinov Olim
Sharafiddinov Olim (taxallusi Ayn) (1903, Toshkent — 1943, Belorussiya) — adabiyotshunos. O’zbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi (1943), 2-jahon urushi ishtirokchisi (1941-43; urushda halok bo’lgan). Eski maktabda Arab, fors tillarini, mumtoz adabiyotni o’rgangan. Toshkentdagi yerlar bilim yurtida o’qigan (191820), Boku oliy pedagogika institutini tugatgan (1925). Turk olami tarixi, falsafasi, adabiyotini, shuningdek, xorijiy va antik adabiyotni chuqur o’zlashtirgan. Bokudan qaytgach, yerlar bilim yurtida, xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida, ta’lim-tarbiya texnikumida, yozgi o’qituvchilar tayyorlash kurslarida (1925 — 30) adabiyotdan dars bergan. Samarkanddagi O’zbekiston pedagogika akademiyasi (1930-32), Toshkentdagi madaniy qurilish (1932-33), til va adabiyot (1937) institutlarida, Navoiy yubileyini o’tkazish qo’mitasida (1938-41) ilmiy xodim, sektor mudiri, O’rta Osiyo universitetida (1933 — 35), Toshkent pedagogika institutida (1935-38) dotsent, kafedra mudiri. Sharafiddinovning adabiy tanqid sohasidagi, xususan, Cho’lpon va Abdulla Qodiriy ijodlariga bag’ishlangan dastlabki maqolalari 20-asrning 20-yillarida e’lon qilingan. U, shuningdek, Hamza, S.Ayniy, Uyg’un, A.Lohutiy va boshqalar ijodi haqida ham bir qancha maqolalar yozgan, o’rta maktablarning 5, 6, 7, 9-sinflari uchun adabiyotdan darslik, xrestomatiya va dasturlar tuzgan. Uning 7-sinf uchun yozgan «Adabiyot. 19—20-asrlar» darsligi bir necha bor nashr etilgan. Sharafiddinov ilmiy ijodining asosini Alisher Navoiy ijodining turli qirralariga bag’ishlangan o’nlab maqolalari va «Alisher Navoiyning hayoti va ijodi» (1939, 1967, 1971, 1978) monografiyasi tashkil etadi. Sharafiddinovning mazkur kitobi qariyb 25 yil davomida Navoiy ijodi haqidagi eng ishonchli manba hisoblanib keldi. Unda Sharafiddinov Navoiy dostonlarining Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy asarlaridan farqli, yorqin jihatlarini aniqlab, Navoiyning daho san’atkor ekanligiga bo’lgan ishonchni o’quvchiga singdira olgan. As: tanlangan asarlar, T., 1978. Abdug’afur Rasulov.