Sharq nota yozuvi
Sharq nota yozuvi – zamonaviy nota yozuvi manbai; qadimiy va o’rta asrlar Sharq musiqa madaniyatida qo’llanilgan kuy-ohanglar yozib olish usullaridan iborat. Ilk namunalari qadimiy Misr (miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalari, piktografiya usuli), Bobil (bo’g’inlar yozuvi), qadimiy Xitoy (ideografik yozuv) da joriy etilgan. Forobiy Yunonistonda qo’llanilgan harfli nota yozuvini ud pardalariga moslashtirgan. Safiuddin al-Urmaviy (Tabulatura uslubida) ikki xil nota yozuvini kashf etgan. Tanbur chizig’i (19-asr)da Xorazm maqomlari to’laligicha yozilgan.