Shaxsga qarshi jinoyatlar

Shaxsga qarshi jinoyatlar (O’zbekiston Respublikasida) — ijtimoiy xavfli qilmishlarning asosiy turi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ta’kidlanganidek, umuminsoniy printsiplarga ko’ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqalar daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi (13-modda). Shaxsga qarshi jinoyatlar O’zbekiston Respublikasi JK bo’yicha quyidagi xillarga bo’linadi: hayotga qarshi (97-103-moddalar); sog’liqqa qarshi (104— 111-moddalar); hayot yoki sog’liq uchun xavfli (112— 117-moddalar); jinsiy erkinlikka qarshi (118121-moddalar); oila, yoshlar va axloqqa qarshi (122-134-moddalar); shaxs ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi (135-140-moddalar); fuqarolar konstitutsiyaviy huquq va erkinligiga qarshi (141 — 149-moddalar) jinoyatlar. Shaxsga qarshi jinoyatlar turli darajada xavfli bo’lib, insonni hayotdan, tabiiy va ijtimoiy ne’matlardan bahramand bo’lish, xotirjam va farovon yashash hamda faoliyat ko’rsatish, jismoniy, ruhiy va ma’naviy aziyat chekmay o’z qobiliyatini namoyon qilishdan mahrum etishlikda ifodalanadi. Shaxsga qarshi jinoyatlarning aksariyati bila turib, g’araz maqsadlarda, qasddan, guruh bo’lib sodir etiladi, ba’zilari esa, ehtiyotsizlik, beparvolik va harakatsizlik oqibatida yuz beradi. Shaxsga qarshi jinoyatlar uchun qo’llaniladigan jazo choralari qonunda ko’rsatilgan javobgarlikni og’irlashtiradigan yoki yengillashtiradigan holatlarni, shuningdek, har bir aybdorning shaxsini hisobga olib tayinlanadi. Masalan, javobgarlikni og’irlashtiradigan birmuncha hollarda qasddan odam o’ldirganlik uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki o’lim jazosi nazarda tutilgan (JK, 97-modda, 2-qism). Bila turib, g’ayriqonuniy ravishda shaxsni ishdan bo’shatish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 25 barobarigacha miqdorda jarima solish bilan jazolanishi mumkin (JK, 148-modda, 1-qism).