Shirvon

Shirvon — shimoliy Ozarbayjonda, Kaspiy dengizining g’arbiy sohilida joylashgan tarixiy viloyat. «Shirvon» atamasi — «Sharvan» shaklida sosoniylar davrida (226-651) qadimiy Kavkaz Albaniyasi, keyinchalik Arronini bir qismini anglatish uchun qo’llanilgan. 654 yil Shirvon arablar tomonidan egallangan va keyinchalik Shaybon qabilasidan bo’lgan Arab noiblarining merosiy mulkiga aylangan. Shirvonni 799-1538 yillarda Shirvonshohlar sulolasi boshqargan. Ularning davrida Shirvon hududiga kura daryosidan Darband shahrigacha bo’lgan yerlar kirgan. Poytaxti — Shemaxa shahri Saljuqiylar bosqini vaqtida Shirvon Ozarbayjon mustaqilligi uchun kurash markaziga aylangan. 12-13-asrlarda ushbu kurash jarayonida Shirvon Gruziya bilan yaqinlashgan. 15-asr o’rtasida Shirvon ancha kuchaygan. U ipak yetishtirish va to’qimachilikning markazlaridan bo’lib, xalqaro savdoda muhim rol o’ynagan. Shirvon, shuningdek, yirik madaniy markaz bo’lib, unda Nizomiy, Xoqoniy. Falakiy va boshqalar ijod qilganlar. Sifaviylar davlati kuchayishi bilan Shirvon ularga qaram bo’lib qolib, 1538 yil Shirvonshohlar hokimiyati barham topgan. Shirvon Safaviylar davlatining viloyatiga aylangan. 1748 yil Shirvon hududida mustaqil Shirvon xonligi barpo etilgan.