Sho’ba

Sho’ba (Arabcha — qism, tarmoq) — 1) O’rta asr o’n ikki maqom tizimida parda tuzilmalarining muayyan tarmog’i. Sho’balar asosiy maqomlarga aloqador bo’lgan quyi tabaqadagi parda tuzilmalaridir. Sharq musiqa nazariyasiga oid adabiyotlarga ko’ra, jami 24 Sho’ba bo’lib, tovushqatori 2 dan 10 pog’onagacha yetgan. Ular, asosan, Dugoh, Segoh, Chorgoh, Panjgoh, Ashiran, Navro’zi Arab, Mohur, Navro’zi Xoro, Navro’zi Bayotiy, Hisor, Nuhuft, Uzzol, Avj, Nayriz, Mubarqa’, Rakb, Sabo (Navro’zi Sabo), Humoyun, Zovuliy, Isfahonak yoki ro’yi Iroq, bastai Nigor, Nihovand, Javziy, muxayyar deb nomlanadi. Ba’zi manbalarda Nishoburak, mag’lub, Ajam (Navro’zi Ajam) kabi Sho’ba nomlari ham keltirilgan; 2) Shashmaqomda jamlangan mukammal ashula yo’llari. Sho’ba namunalari o’zaro farqli 2 guruhga taqsimlangan bo’lib, birinchisini Saraxbor, talqin, Nasr va yakunlovchi Ufar, ikkinchisini esa, asosan, savt va mo’g’ulcha (tarkibiy shoxobchalari bilan) kabilar tashkil etadi.