So’fixonovlar, Boboxon

So’fixonovlar, Boboxon (1900, hozirgi Qozog’istonning Sayram tumani — 1980.3.2, Toshkent) va Akmalxon (1905, Sayram tumani — 1987.11.7, Toshkent) So’fixonovlar — akauka hamnafas xonanda va sozandalar. O’zbekiston xalq hofizlari (1944). Ashulachilik san’atini bobolari Sotildixon va otalari So’fixon hofizlardan o’rganishgan. So’fixonovlar 1935 yilda Toshkentga kelib, dastlab «Yaliyali», «Navo» kabi ashulalari bilan tanilgan. To’ychi hofizdan «Bayot 1,2,3,4», «Girya 1,2», «Shahnozi Gulyor», I.Ikromovdan «Munojot» va «Cho’li Iroq», Rizqi Rajabiydan «Dugoh», «Toshkent Irog’i», «Qo’shchinor», «Karimqulbegi» kabi maqom yo’llari va ashulalarini o’zlashtirishgan. So’fixonovlar O’zbekiston radioqo’mitasi (1937-41, 1944-48), Hamza nomidagi O’zbek davlat drama teatri (1941-44) va O’zbek davlat filarmoniyasi (1948-58, 1948-60) da xonanda va sozanda. So’fixonovlarning ijro uslubi ovozlarining bir-biriga tekis qo’shilishi, yirik shakldagi asarlarni og’irravon aytishi, jo’rnavoz sozlarni ashulaning ifodaviyligiga qarab tanlashi bilan belgilanadi. «Nasri Segoh», «Galdir 1, 2», «Qalandar 1, 2, 3, 4», «Samarqand Ushshog’i», «Sodirxon Ushshog’i» kabi murakkab ashula yo’llari So’fixonovlar talqinida jozibali yangraydi. Shuningdek, ularning repertuaridan katta ashulalar, yallalar («ul kun jonon», «Gulyuz uzra», «Naylayin»), o’zbek bastakorlarining asarlari (X. To’xtasinovning «Aylagach», R.Rajabiyning «Ovoraman», «Kulib» va boshqalar) va o’zlari yaratgan «etdim tabibga», «farzand» (Hofiz g’azallari), «To muhabbat» (Navoiy), «aylar» (Muqimiy), «yaxshi bilan», «oqil bo’lsang» (Mahtumquli) kabi ashulalar o’rin olgan. So’fixonovlar ijrosida V.A. Uspenskiy notaga yozib olgan «Navo», «talqini Bayot», «Cho’li Iroq» ashula yo’llari «Navoiy she’rlariga muzikalar» (1949) to’plamida nashr etilgan.