Taqsim, rapport
Taqsim, rapport — naqqoshlikda naqshning ma’lum tartibda takrorlanuvchi bo’lagi. O’rta Osiyo naqshlari, jumladan, o’zbek milliy naqshlari, asosan, ana shunday takrorlanuvchi Taqsimlardan tarkib topadi. Bezatiladigan sath Taqsim yuzi deb ataladi. Usta (naqqosh)lar Taqsim yuzini qog’ozga belgilab, naqsh mujassamotining bir qismini chizib oladi, chizma asosida naqshning axtdsini tayyorlaydi. Takrorlanadigan Taqsim asosida bezatilayotgan yuza to’ldirib chiqiladi va bezatiladi. Taqsim turlari: aylanma Taqsim — doyra yoki gumbazga mo’ljallanib, naqsh mujassamotining 1/4, 1/6, 1/8 … 1/12 va hokazolar qismini tashkil etadi va doyra bo’ylab yonmayon takrorlanadi; to’g’ri Taqsim to’g’ri chiziq bo’ylab takrorlanadi; chapu rost Taqsim axtasi to’g’ri va teskari almashinib takrorlanadi. An’anaviy naqqoshlikda Taqsimning bu turlari, ayniqsa, islimiy va girih naqshlarda keng qo’llaniladi.