Teng huquqlilik
Teng huquqlilik – konstitusionalizmning asosiy printsiplaridan va demokratiyaning muhim elementlaridan biri; fuqarolarning davlat, qonun, sud oldida tengligini rasman e’tirof etishni bildiradi. Unga ko’ra, muayyan davlat fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, yashash joyi, dinga munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga taalluqligi, shuningdek, boshqa holatlaridan qat’i nazar, teng huquq, erkinlik va majburiyatga ega bo’ladilar. T.G’.ning realligi jamiyat va davlat tuzumining qanchalik demokratiyaliligini anglatadi. T. h. tamoyilini 18-a. oxirida Frantsiya inqilobi ilgari surdi («Ozodlik, tenglik, qardoshlik») va u ko’p mamlakatlarning konstitusiyalari hamda inson huquklari deklarasiyalarida mustahkamlandi. Hoz. zamon davlatlarining konstitusiyaviy nazariyasi fuqarolarning huquqda tabiiy xarakterga ega bo’lgan ba’zi farklari bo’lishi mumkinligini tan oladi, mas., jahonning ko’pchilik davlatlarida harbiy xizmatni o’tash majburiyati faqat erkaklar zimmasiga yuklanadi, keyingi o’n yilliklarda nogironlar, bolalar, kam sonli tub xalq vakillari uchun alohida konstitusiyaviy huquqlar belgilab qo’yila boshlandi va h.k. Fuqarolarning teng xuquqligi printsip i O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 18moddasida mustahkamlab qo’yilgan.