Teri kasalliklari
Teri kasalliklari – odam va hayvonlar organizmidagi shilliq qavatlar, teri hamda uning hosilalari (soch, tirnoq) patologik o’zgarishi bilan ifodalanadigan kasalliklar guruhi. Odamda uchraydigan T. k. toshma toshishi, dog’, pufakcha, tuguncha, qipiqlanish, yaralanish, terining shilinishi, yorilishi va b. tarzida namoyon bo’ladi. Tashqi muhitdagi har bir fizik va kimyoviy omillar terida turli yallig’lanishlar (dermatitlar) paydo bo’lishiga olib keladi; bulardan qavarish, bichilish, sovqotish, kuyish birmuncha ko’proq uchraydi. Terining talaygina kasalliklariga biologik omillar, mikroskopik zamburug’lar (q. Terining zamburug’li kasalliklari), bakteriyalar, hayvon parazitlari (q. Qo’tir) va viruslar (q. So’gal, Uchuq) sabab bo’ladi. Ichki omillar: mahalliy, infektsiya o’chog’i bo’lishi (mas., murtak bezlari, qovuqda), ichki a’zolar (me’da, buyrak, jigar) kasalliklari ekzema, eshakem kabi allergik tavsifdagi (q. Lglergiya) T.k.ga olib kelishi mumkin. Organizmda oqsil, uglevod va yog’almashinuvining buzilishi, shuningdek, vitaminlar etishmasligi, nerv (mas., neyrodermit) va endokrin sistema faoliyatining buzilishi (mas., seboreya, husnbuzar), tomirlar, qrn yaratish a’zolari va b.ning zararlanishi natijasida ham T.k. yuzaga kelishi mumkin. Bularning hammasi terida yallig’lanish, qon quyilishi, pigmentasiya va muguzlanishning buzilishi, teridagi ayrim tuzilmalar (biriktiruvchi to’qima tolalari, yog va ter bezlari, soch piyozchasi va b.)ning nobud bo’lishi, qon aylanishi hamda teri oziklanishining izdan chiqishi kabi patologik o’zgarishlarga sabab bo’ladi. Bunda teriga har xil kattalikda toshmalar toshishi (dermatozlar), tugunchalar paydo bo’lishi, ba’zan bu tugunchalar ichida qon yoki yiring tuplanishi mumkin. Toshmalar qichishishi, achishishi, ba’zilari bemorni mutlaqo bezovta qilmasligi mumkin. Infektsion (q. Ich terlama, qaytalama terlama, skarlatina, chechak va b.), shuningdek, venerik kasalliklarda ham teriga toshmalar toshishi kuzatiladi. Toshmalar tabiatini faqat mutaxassis vrach to’g’ri aniklab, diagnoz qo’yishi va davo tayinlashi mumkin. O’z bilgicha davo qilish turli ko’ngilsizliklarga olib keladi. Shuning uchun T.k.ga xos dastlabki alomatlar paydo bo’lganda, albatta, vrachga murojaat etish va uning maslahatlariga bekamu kust amal qilish lozim. Toshkent sh.dagi Dermatologiya va venerologiya ilmiy tadqiqot institutida olimlar (S.Arifov, E.Eshboev, P. Menliqulov va b.) tomonidan T.k. ustida ilmiy izlanishlar olib boriladi. Ad.: Arifov S, Eshboev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997; Arifov S, Fotodermozlar, T., 2000.