Tish chirishi
Tish chirishi, tish kariesi tish qattiq to’qimalarining zararlanishi; tish emali (dentin)ning astasekin emirilib, kovak hosil bo’lishi. Bolalarda ko’p uchraydi. Ko’pincha bolalarning birinchi katta jag’tishlari (oltinchi tish) chiriydi. T.ch. ovqatlanish tarzining buzilishi; xamir ovqat va shirinliklarga ruju qilish; ovqat tarkibida kaliy, fosfor va vitaminlar etishmasligi, shuningdek, ovqatda ho’l meva va sabzavotlar bo’lmasligi hamda tishlarni noto’g’ri parvarish qilish oqibatida paydo bo’lishi mumkin. Bolalar tishining chirishiga homilador ayollarning ovqatlanish rejimi, bolani noto’g’ri ovqatlantirish va b. ma’lum darajada ta’sir etadi. Ichimlik suv tarkibida ftor kam bo’lgan joylarda bu kasallik ko’p uchraydi (asosan, bolalarda). Og’ir infektsion kasallik bilan og’rigan bolalarda, ayniqsa, ularning balog’atga etish davrida (xususan, qizlarda) T.ch. tez avj olib ketadi. T. ch. ko’pincha homiladorlikda ham kuzatiladi, chunki bu davrda homila skeleti shakllanishi uchun zarur bo’lgan kaltsiyga talab oshishi natijasida ona organizmida ichki sekresiya bezlari faoliyati va moddalar almashinuvining buzilishi kabi fiziologik o’zgarishlar ro’y beradi. T. ch. sezilarsiz boshlanadi. Dastlab tish emali xiralashib, g’adirbudurlashadi, oqish yoki sarg’imtir dog’paydo bo’ladi (q. Tish); keyinchalik bu joy yumshab qoladi, bu — yuza T. ch. deyiladi; bunda tish cho’tka bilan tozalanganda, shirin, nordon narsalar eyilganda og’riydi. Chirigan tish kovagi astasekin chuqurlashib, emaldan dentinga o’tadi, ana shunda o’rta T.ch. kelib chiqadi, o’tkir kechganda mexanik, kimyoviy yoki issiqsovuq ta’sirida bir oz og’riq paydo bo’ladi. T.ch. jarayoni dentin to’qimasining ichiga utishi natijasida pulpa ustida yumshab yupqalashgan dentin qoladi; bunda chirigan tish kovagiga ovqat kirishi (issiq, sovuk, suv va b. ta’sir etishi) bilan kuchli og’riq paydo bo’lib, ta’sirot yo’qolganda darrov to’xtaydi; bu — chuqur T.ch. deb ataladi. Agar o’z vaqtida davo qilinmasa, mikrob tishning yumshoq to’qimasi (pulpa)ga kirib, uni yallig’lantiradi — pulpit vujudga keladi; borabora tish ildizi atrofidagi to’qimalar ham yallig’lanishi mumkin, T.ch. ni stomatolog vrach davolaydi. Tish kovagini tozalab plombalanadi. Oldini olish uchun organism ehtiyojiga zarur mineral tuzlar (ayniqsa, kaltsiy, fosfor), vitaminlar, yog’lar, uglevodlar va h.k.ga boy ovqatlar eb turish, ovqatlanish rejimiga rioya qilish, og’iz bo’shlig’ini sog’lom saklash kerak.