Tog’lar, tog’li o’lkalar

Tog’lar, tog’li o’lkalar — er yuzasining tevarakatrofdagi tekisliklardan yakka yoki qator ko’tarilib turgan baland joylari. T. turli yo’nalishda, har xil masofada to’g’ri chiziq shaklida (Ural, Katta Kavkaz, Kordilera, olay, Zarafshon va b.) yoki yoysimon shaklda (Alp, Karpat va b.) cho’zilgan bo’ladi. Tog’li o’lkalar Er po’stining burmali va burmalipalaxsali strukturaga ega, balandligi dengiz sathidan bir necha ming m gacha ko’tarilgan va o’z doirasida balandliklari keskin farq qiluvchi keng (bo’yi minglab, eni yuzlab km ga cho’zilgan) hududlaridir. Tog’li o’lkalarda tog’tizmalari, yakkayakka tog’lar, vodiylar, keng soyliklar ham mavjud. Tog’tizmalari har ikki tomondagi yon bag’irlari tik bo’lgan, uzunasiga cho’zilgan yirik relef shakllaridir. T. ning balandligi dengiz sathidan 200 m dan (qirlar, adirlar) boshlab bir necha km ga etishi mumkin. Mas., Er sharining eng baland nuqtasi Himolay tog’laridagi Jomolungma cho’qqisi (8848 m). T. yon atrofidagi tekisliklardan tog’etag i, ba’zan adirlar bilan ajralib turadi. Tog’etagi T. shaklining turiga qarab har xil ko’rinishda bo’lishi mumkin. T. relefining tarkibiy qismlari — tog’ zanjirlari, ularning ayrim tarmoqlari — tizmalar, ular orasidagi tektonik cho’kmalar, qad. denudasion ko’tarilmalar va q.k.dan iborat. Morfologik jihatdan qor chizig’idan yuqori ko’tarilgan baland yoki Alp tipidagi (bal. 3000-5000 m dan ziyod) T. alohida ajralib turadi. Bunday T. relefi tik, muzlik hosil qilgan relef shakllari: qirlar, piramidasimon cho’qqilar, o’tkir qirrali tog’tepalari, tog’orasimon vodiylardan iborat bo’ladi. Bularga Kavkaz, Pomir, Tyanshan, Himolay, Alp, Kordilera tog’larini misol qilish mumkin. Alp tipli tog’lardan farqli ravishda, o’rtacha balandlikdagi (bal. 2000— 3000 m) T.ning tepalari yumaloqroq, yon bag’irlari qiyaroq. Kopetdog’, O’rta va Shim. Ural, Karpat, Shvarsvald tog’lari o’rtacha balandlikdagi T. dir. Tashqi omillar, ichki va tashqi kuchlar ta’sirida T. emirilib, pasaya boradi, cho’kindilar ko’proq to’planadi, relef shakllari silliqlanadi. Balandligi dengiz sathidan 1000 — 2000 m gacha ko’tarilgan bo’lsa past T. deyiladi: Qozog’iston past tog’lari, ChuIli, Jan. Tojikistondagi T. past tog’lardir. Tabiatda T. to’la ravishda emirilmay turib, yana ko’tarila boshlaydi va bunday o’zgarishlar bir necha marta takrorlanadi. Kelib chiqishiga ko’ra, tektonik, erozion va vulkanik T. farq qilinadi. Tektonik T. Er po’stining kuchli dislokasiyaga uchragan, asosan, geosinklinal sistemalar, ba’zida platformalarning jadal sur’atlarda ko’tarilishi natijasida vujudga keladi, bunda muvofiq ravishda epigeosinklinal va epiplatformalar ham shakllanadi. Ular burmali va palaxsali (uzilmali) T.ga bo’linadi. Burmali T. Er po’stining harakatchan zonalarida paydo bo’ladi. Palaxsali T. burmalangan zonalarda er po’sti burmalanmasdan ayrim palaxsalarga ajralgan, ularning bir qismi ko’tarilib gorstlar hosil qilgan, ikkinchi qismi cho’kib, grabenlarga aylangan. Shuning uchun tektonik T. burmalipalaxsali T. deb yuritiladi. Erozion T. dengiz sathidan baland ko’tarilgan va oqar suvlar ta’sirida chuqur o’yilib ketgan, gorizontal yotgan tog’jinslaridan tarkib topgan maydonlar, ya’ni parchalangan plato va yassitog’liklardan iborat. Vulkanik T., asosan, tektonik asos, yosh tog’li o’lka yoki qad. platformalar ustida yotgan va keng maydonlarga yoyilgan vulkan konuslari, LAVA oqimlari va tuf yotqiziqlaridan yuzaga keladi. Tog’larning yoshi geologik yosh va morfologik yoshga ajratiladi. T.ning geologik yoshi deb, uning geosinklinaldan dastlab ko’tarilgan vaqti tushuniladi. Jumladan, kaledon yoki gersin burmalanishidan g’osil bo’lgan T. Alp burmalanishidagi T.dan geologik jihatdan keksaroq hisoblanadi. Morfologik yosh relefning geologik rivojlanishi tarixi to’g’risida fikrlash imkonini beradi. Ko’tarilayotgan T. «yosh» hisoblanadi. Dengiz sathidan baland ko’tarilib turgan T.da atmosferaning turli qatlamlari joylashganidan, tog’yon bag’irlarida iklim vertikal tarzda almashinib boradi va shu yo’sinda tog’li o’lkalar landshafti vertikal mintaqalarga ajralib turadi. Landshaft mintaqalari soni, ularning xususiyati, izchilligi va balandlik chegaralari turli tog’li o’lkalarda turlicha bo’lib, geografik kengligiga, shuningdek, T.ning balandligiga bog’liq. T.ni o’rganish katta amaliy ahamiyatga ega.