Tragikomediya

Tragikomediya — tragediya va komediyaga xos xususiyatlarni o’zida mujassamlashtirgan dramatik janr. Tragikomediyada hayot haqidagi barcha mezonlar nisbiy xarakterga ega bo’ladi. Bunda tragediya va komediya uchun odatiy hol bo’lgan o’lchovlar mutlaqo inkor qilinishi mumkin. Voqelikni tragikomik tarzda qabul qilish va tasvirlashda insonning kundalik turmushidagi qat’iy axloqiy qoidalar buziladi. Bu janrda ijod qiladigan san’atkor voqelikni tragikomik tarzda qabul qiladi. San’atkor mavjud ijtimoiy tuzum va urfodatlarni tanqid ostiga olishi, kinoya, piching, yumor va satiradan foydalanib, mavjud fojiaviyijtimoiy illatlar ustidan istehzoli kulishi mumkin. Tragikomediyada har ikkala janrga xos xususiyatlar o’zaro almashinib, biri ikkinchisining mavjudligi shartiga aylanadi. Fojiaviy holatlar bilan komik personajlar bir paytda sahnaga chiqadi. Ushbu janrdagi voqelik tasviri oxiroqibatda fojiaviylik o’rnini kulgi va kulgili holatlar o’rnini fojia egallashi bilan yakun topadi. Tragikomediya o’zaro zid janrlarning dialektik birligidan yuzaga keladigan kuldirib yig’latish va yig’latib kuldirish holatlari asosiga quriladi. Bu janrdagi asarlar o’quvchi yoki tomoshabinni kuldiradi va ayni paytda chuqur tafakkur uchun manba bo’lib, ichdan yig’latadi. Insonni o’z mohiyatiga yoki o’zi yashab turgan jamiyatga teran nazar bilan qarashga o’rgatadi. Tragikomediyada voqelik tizimi tubdan o’zgarishi, kutilmagan mubolag’ali yoki allegorik epizodlar o’rtaga chiqishi mumkin. Tragikomediyaning dastlabki namunalari Yevripid ijodida uchraydi. 19-asr oxiri va 20-asr 1-yarmidagi Yevropa adabiyotida, xususan, G. Gauptman, A. P. Chexov, G. Lorka, E. Ionesko, S. Bekket ijodida Tragikomediya namunalari mavjud. O’zbek adabiyotida Sh. Boshbekovning «Temir xotin» asari Tragikomediyaga misol bo’ladi. San’atshunos olimlar Ch. Chaplin suratga tushgan filmlarda tragikomik unsurlar mavjudligini ta’kidlaydilar. Bahodir Karimov.