U

U — o’zbek kirill alifbosining yigirma birinchi harfi; nutq tovushlari tizimida lablashgan, tor, til orqa unlini, shuningdek, alohida so’zni — kishilik yoki ko’rsatish olmoshi hisoblangan U so’zini ifodalaydi. Ushbu harf ifodalagan fonema rasmiy yozma adabiy tilda til orqa fonemasi deb qabul qilingan bo’lsada, og’zaki nutqda hamda o’zbek tilining qipchoq va boshqalar bir qancha shevalarida uning 2 varianti: tor, til oldi, lablashgan u tovushi bilan tor, til orqa, lablashgan u tovushi mustaqil fonemalar sifatida qo’llanadi (gul — mashg’ul, kul — qul so’zlaridagi u tovushini qiyoslang) va ba’zan ma’no farqlash uchun xizmat qiladi: tut (ushlab ol) — tut (meva), un (tovush) — un (yanchilgan g’alla). Bu harf so’z boshida (un, uzum, ulfat) va so’z o’rtasida (urug’, urush, yozuvchi) faolroq qo’llanadi, biroq so’z oxirida kamroq uchraydi (orzu, kakku). Turkiy xalqlar, shu jumladan, o’zbek xalqi uchun umumiy bo’lgan yozuvlarda u harfi o’ziga xos shakllarga ega bo’lgan.