Ubayd madaniyati

Ubayd madaniyati — Janubiy Mesopotamiyada shakllangan eneolit davri madaniyati (miloddan avvalgi 5-ming yillik). Miloddan avvalgi 4-ming yillikda shimoliy Mesopotamiyaga, shuningdek, Suriya — Kilikiya, kichik Osiyo (Malatiya rayoni), Urmiya ko’lining Janubdagi mintaqalarga tarqalgan. Qadimgi Ur shahri xarobalaridan 6 kilometr Janubda joylashgan Tallal-Ubayd qishlog’ida olib borilgan arxeologik qazishlar (L. Vulli, 1923-24) natijasida olingan asosiy materiallar nomi bilan atalgan. Ubayd madaniyati uchun qo’lda yasalib, geometrik naqshlar bilan bezatilgan, ba’zan hayvonlar shaklida ishlangan sopol idishlar, kam miqdordagi mis idishlar, muhrlar, chaqmoqtoshdan yasalgan o’roqlar, ma’budalar xaykalchasi va boshqalarha xos. Ubayd madaniyati aholisi o’troq dehqonchilik bilan shug’ullanib, uy chorvasiga ega bo’lganlar, xom g’ishtdan yasalgan uylarda yashagan, bu uylar qishloqni tashkil qilgan, uning markazida asosiy sajdagoh — ibodatxona joylashgan.