Uchinchi shaxslar
Uchinchi shaxslar – fuqarolik huquqida bevosita fuqarolik huquqiy munosabatlarda ishtirok etmaydigan, lekin vujudga kelgan huquqiy munosabatda muayyan darajada huquq va majburiyat tug’diradigan sub’yektlar. O’zbekiston Respublikasining FK ga ko’ra, Uchinchi shaxslarga u yoki bu darajada huquq va majburiyat tug’diradigan normalar: Uchinchi shaxslarning harakatlari uchun qarzdorning javobgarligi (FKning 334-moddasi), ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan Uchinchi shaxslarning huquqlari (FKning 543-moddasi), transport vositasidan foydalanish haqida Uchinchi shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar (FKning 569-moddasi), tekin foydalanishga topshirilayotgan ashyoga Uchinchi shaxslarning huquqlari (FKning 622-moddasi), omonatchining hisobvarag’iga Uchinchi shaxslarning pul mablag’lari qo’yilishi (FK ning 767-moddasi, Uchinchi shaxslarning huquqlari bo’lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish (FKning 856-moddasi) va boshqalardan iborat. Fuqarolik prosessida da’vogar bilan javobgar o’rtasidagi nizoning hal etilishidan manfaatdor bo’lgan jismoniy yoki yuridik shaxslar. Uchinchi shaxslar da’vogar yoki javobgar sifatida fuqarolik prosessida ishtirok etmaydi, biroq, sud tomonidan chiqariladigan hal qiluv qarori ularning huquq va majburiyatlariga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Manfaatdorlik xarakteriga ko’ra, bunday shaxslar mustaqil talablar bilan arz qiluvchi (mustaqil da’vo qiluvchi) va mustaqil talablar bilan arz kilmaydigan (mustaqil da’volari bo’lmagan) Uchinchi shaxslarga ajratiladilar (FPKning 44—45-moddalari). Mustaqil talablar bilan arz qiluvchi Uchinchi shaxslar ikkala tomonga yoki ulardan biriga umumiy asoslarda da’vo qilib, boshlanib ketgan proseesga kirishadi. Bunday turdagi Uchinchi shaxslar da’vogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va barcha majburiyatlariga ega bo’ladi. Mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan Uchinchi shaxslar agar ish bo’yicha qabul qilingan qarorlarning tomonlardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga ta’sir eta olsa, ishga da’vogar yoki javobgar tomonida turib kirishadi (o’z tashabbusi bo’yicha, tomonlarning yoki prokurorning iltimosi bo’yicha jalb etiladi). Ular da’voning asosini va predmetini o’zgartirish yoki kamaytirish, shuningdek, da’vodan voz kechish, da’voga iqror bo’lish yoki kelishuv bitimi tuzishdan boshqa hamma prosessual huquqlardan foydalanadi va tegishli prosessual majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi.