Udmurtiya, Udmurtiya Respublikasi

Udmurtiya, Udmurtiya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. O’rta Uralning g’arbiy qismida, Kama va Vyatka daryolari oralig’ida joylashgan. Maydoni 42,1 ming km2. Aholisi 1570,5 ming kishi (2002). Udmurtiyada 25 tuman, 6 shahar, 12 shaharcha bor. Poytaxti — Ijevsk shahri. Davlat tuzumi. Udmurtiya — respublika. Respublika boshligi — prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Davlat kengashi, ijrochi hokimiyatni rais boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Udmurtiya hududi shimoldan Janubga, sharqdan g’arbga qiyalab boruvchi sertepa tekislik bo’lib, aksari qismini daryo, jarliklar kesib o’tadi. Shimoliy qismida Yuqori Kama qirlari bor (balandligi 300 metr), g’arbidagi Kilmez daryosi bo’ylari botqoqlashgan pasttekislik, Janubda Mojga va Sarapul qirlari bor. Foydali qazilmalari: neft, torf, kumir, qurilish materiallari (kvarsli qum, gil, ohaktosh va boshqalar). Mineral buloqlar, shifobaxsh balchiqlar (VarziYatchi) mavjud. Iqlimi mo’tadil kontinental, qishi sovuq, yozi nisbatan iliq, shimolda o’rtacha temperatura yanvarda -15,5° dan Janubda — 14,2° gacha, iyulda 17,5° dan 19,2° gacha. O’rtacha yillik yog’in 400-600 mm. Eng katta daryosi — Kama. Siva, Ij, Vyatka, Chepua, Kilmez va boshqa daryolari Kama havzasiga mansub. Votkinsk suv ombori bor. Tuproqlarining aksari chimli podzol, Janubi sharqda sur tusli o’rmon tuproqlari, Sharqi, Janub va shimolda chimlikarbonatli tuproqlar uchraydi. Udmurtiya hududining 47,5% o’rmon (archa, pixta, qarag’ay, togterak va boshqalar). Hayvonot dunyosi: o’rmonlarda tulki, suvsar, oqsichqon, bo’rsiq, bo’ri, kemiruvchilar (tiyin, quyon, dala sichqoni va boshqalar); daryolarda norka, Qunduz yashaydi; ondatra iqlimlashtirilgan. Qushlardan budduruq, karqur, qur, kaklik ovlanadi. Daryolarida turli baliq ko’p. Aholisi udmurt (30,9%), rus (58,9%), tatar (6,9%) va boshqalar. Shahar aholisi 69,7%. Davlat tillari — rus va udmurt tillari. Dindorlari, asosan, xristian (pravoslav)lar. Yirik shaharlari: Ijevsk, Sarapul, Votkinsk, Glazov. Tarixi. Udmurtiya hududida odam qadim zamonlardan yashaganligi ma’lum (yangi Multon qishlog’ida neolit yodgorliklari topilgan). 3-9-asrlarda Vyatka va Kama daryolari oralig’ida udmurt qabilalari birlashmasi vujudga kelgan. 10-12-asrlarda kuyi Kama va Vyatka bo’ylarida yashagan udmurt qibilalari Volgakama Bulg’oriyasi tarkibida bo’lgan, uning inqirozidan so’ng 1236 yildan Oltin O’rta va Kozon xonliklariga qaram bo’lgan. 1489 yil O’rta va yuqori Vyatka udmurtlari, 1552 yil Kama bo’yi udmurtlari rus davlatiga qo’shib olingan. 1558 yilga kelib Udmurtiyaning barcha hududini Rossiya bosib oldi. Jabrzulm kuchayishi sababli xalq qo’zg’olonlari bo’lib turdi. 1662-64 yillardagi boshqirdlar qo’zg’oloni, razin qo’zg’oloni va Pugachyov ko’zg’olonida udmurtlar faol katnashdilar, 1905-07 yillardagi inqilobda ishtirok etdilar. 1917 yil 9 noyabrda Ijevskda sho’ro hokimiyati o’rnatildi. 1918 yil iyunida Udmurtiya RSFSR tarkibiga qo’shib olindi. 1919 yil aprelda Udmurtiyani Kolchak qo’shinlari ishg’ol qildi, o’sha yil iyunda yana sho’ro hokimiyati tiklandi. 1920 yil Votyaklar Muxtor viloyati tuzildi (podsho Rossiyasi davri va 1932 yilgacha udmurtlar votyaklar deb atab kelingan; 1932 yildan xalqning o’z nomi bilan Udmurtiya Muxtor viloyati deb ataldi). 1934 yil 28 dekabrda u. Muxtor Sovet Respublikasiga aylantirildi. 1990 yil sentabrda suverenitet haqida Deklaratsiya qabul qilindi va Udmurtiya Respublikasi deb atala boshladi. Xo’jaligi. Udmurtiya — rivojlangan Indus trialagrar respublika. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 46,8%, qishloq xo’jaligining ulushi 12,8%, qurilishning ulushi 4,1%, transportning ulushi 3,4%, savdoning ulushi 9,6%. Barcha korxonalarning 69,2% xususiy, 5,1% davlat mulki, 8% munitsipal mulk, qolgan 8,1% mulkchilikning boshqa turlari, jumladan, aralash va xorijiy mulkdir. Sanoatining asosiy tarmoklari: mashinasozlik va metallsozlik, yoqilg’i, oziq-ovqat, elektr energetika, rangli metallurgiya, kora metallurgiya, o’rmon, yog’ochsozlik va tsellyulozaqog’oz, qurilish materiallari, yengil, kimyo, neft kimyosi sanoatidir. Energetika ko’mir, neft, gaz va torfga asoslangan. Ijevsk, Sarapul, Votkinsk, Glazovda issiklik elektr stansiyalari bor. Yiliga o’rtacha 3,2 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Qora metallurgiya «Ijstal» ishlab chiqarish birlashmasi, Ijevsk va Votkinskdagi metall quyuv korxonalaridan iborat. Glazovdagi chepes mexanika zavodida atom energetikasida foydalaniladigan va Rossiyada birdanbir tsirkoniy olish va uni qayta ishlash tsexi ishlaydi. «Votkinsk zavodi» ishlab chiqarish birlashmasi qit’alararo ballistik raketalar ishlab chikaradi. Yengil avtomobil, mototsikl, teplovoz, podshipnik, qog’oz ishlab chiqarish mashinalari, neft, kimyo, yog’ochsozlik sanoati uchun uskunalar, metall qirqish stanoklari, radiotexnika buyumlari, ov va sport kurollari ishlab chiqarish rivojlangan. Respublika shimoliy va g’arbiy tumanlarida yog’och tayyorlanadi. Mebel, uysozlik, yog’ochsozlik, shisha sanoati korxonalari bor. Yengil sanoatda zig’ir tolasini qayta ishlash, tikuvchilik, ko’npoyabzal, trikotaj, oziq-ovqat sanoatida go’shtsut, unyorma, likyoraraq, pivo ishlab chiqarish tarmoqlari bor. Neft, kumir, torf, ohaktosh qazib olinadi. Qishloq xo’jaligi chorvachilik, g’allakorlik va zig’irkorlikka ixtisoslashgan. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar 1795 ming gektar, shundan 1461 ming gektar yer haydaladi. Yerlarning salkam 60%da donli ekinlar, 35%da yemxashak ekinlari etishtiriladi. Qolgan yerlar zig’ir, kartoshka, sabzavot va boshqalar bilan band. Bog’ va rezavor mevachilik rivojlangan. Chorvachiligida go’sht va sut uchun qoramol, shuningdek, cho’chqa, qo’y, echki, parranda boqiladi. Asalarichilik rivojlangan. Transporti. Temir yo’l uzunligi — 768 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 5332 kilometr. Kama daryosi va Votkinsk suv omborida kema qatnaydi. Kema katnaydigan ichki suv yo’llari uzunligi — 178 kilometr, Ijevsk shahrida xalqaro aeroport bor. Ko’pgina neft va gaz kuvurlari Udmurtiya hududidan o’tadi. Tibbiy xizmati. 20-asrning 90-yillari o’rtalarida Udmurtiyada 7723 vrach aholiga tibbiy yordam ko’rsatdi. Shifobaxsh mineral suv va balchiq bilan davolaydigan «varziyatchi» kurorti, bir necha sanatoriy va dam olish uylari, sayyohlar makoni va boshqalar bor. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Udmurtiyada ta’lim Rossiya Federatsiyasi ta’lim tizimi asosida rivojlanib kelayotir. 20-asr 90-yillarida respublikadagi 882 umumiy ta’lim maktabida 253 ming, 30 o’rta maxsus o’quv yurtida 21 ming o’quvchi, 5 oliy o’quv yurti — Ijevskdagi Udmurtiya universiteti, mexanika, qishloq xo’jalik, tibbiyot institutlari, Glazovdagi pedagogika institutida 23,8 ming talaba ta’lim oldi. Udmurtiyada tarix, iqtisodiyot, til va adabiyot, fizika- texnika ilmiy tadqiqot institutlari, qishloq xo’jalik tajriba stansiyasida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Udmurtiyada 5 teatr, filarmoniya, tsirk, shuningdek, Ijevsk va Sarapulda o’lkashunoslik muzeylari, Votkinskda P.I. Chaykovskiy yodgorlik uymuzeyi, Ijevskda tasviriy san’at muzeyi, Glazov shahrida «Idnakar» muzeyqo’riqxona bor. Udmurtiyada bir necha gazeta va jurnal nashr etiladi. Udmurt va rus tillarida radioeshittirish va teleko’rsatuvlar olib boriladi. Adabiyoti 19-asrda, Kirill alifbosi asosidagi udmurt yozuvi joriy etilgandan keyin vujudga keldi. 19-asr oxirlarida shoirlardan G.E.Vereshchagin, G.P. Prokopev, 20-asr boshlarida M. Mojgin, K.P.Chaynikov (K. Gerd), adib kedra Mitrey (D. I. Korepanov) yirik she’riy va nasriy asarlar yaratdilar. 20-yillarda she’riyat ustun bo’ldi. M. Prokopev, D. Mayorov, I. Dyadyukov, Ashalchi Oka (L. Vekshina), K. Chaynikov o’z she’r va dostonlarida voqelikni romantik ifodalashdan haqqoniy tasvirlashga o’tdilar. P. M. Sokolov. M.N. Timashyovning sahna asarlari, K. Mitrey, D. Pinyaning qissa va romanlarida udmurt xalqining bosib o’tgan yo’li va hayoti tasvirlandi. 2-jahon urushi davrida adabiyot xalqni fashizmga qarshi kurashga ruhlantirdi. 20-asrning 2-yarmida M.P.Petrov («Tongotar chog’i», «eski Multon»), I.G.Gavrilov («Oftob chiqdi»), E.E.Zagrebin («Baxrr yomg’iri»), S.A. Samsonov («Tungi qo’ng’iroq») yirik asarlar yaratdilar. She’riyatda F. Vasilev, A. Belonogov, A. Uvarov, V. Romanov, V. Ivshin barakali ijod qildilar. Me’morligi va tasviriy san’ati. Udmurtiya hududida miloddan avvalgi 1-ming yillik — milodiy 2-ming yillikning Іyarmiga oid ko’pgina badiiy yodgorliklar topilgan. 17-asrning 2-yarmida yog’och qo’rg’onlar (Sarapul va boshqa shaharlarda) qurildi. 18-asr o’rtalarida zavodlar tevaragida shaharchalar vujudga keldi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida sarapul, Glazov, Ijevsk, Votkinsk shaharlari bosh reja asosida qurila boshladi (me’morlar V. Geste, S.Dudin, V. Petenkin, F. Roslyakov va boshqalar). 19-asr 1-yarmi binolar me’morligida ampir uslubi urf bo’ldi. Udmurtiyadagi turar joylar devori yog’ochlarni ustmaust taxlash usulida tiklanar, hovli atrofi o’ralib, naqshinkor darvozalar o’rnatilar edi. 20-asrning 20— 30-yillari me’morligida konstruktivizm, 40-50- yillarida klassisizm (Ijevskdagi tsirk, me’mori P. Popov, Pushkin ko’chasidagi me’moriy majmua, me’mori V. Orlov va boshqalar) shakllaridan foydalanildi. 60-70- yillarda shaharlarda yangi turar joy daxalari, me’moriy majmualar (Ijevskda ma’muriymadaniy markaz (me’mori G. Aleksandrov) barpo etildi. 20-asrning 20-yillarida tasviry san’at vujudga keldi. Zamonaviy rassomlar orasida N. Kosolapoe, A. Xolmogorov, P. Semyonov, D. Xodirev, I. Nurmuxametov, B. Postnikov, P. Yolkin asarlari mashhur. Xalq amaliy bezak san’atida kashtachilik, badiiy to’quvchilik keng yoyilgan. Musiqasi qo’shni xalqlar — finugor, turkiy va slavyanlar san’ati bilan hamohang tarzda rivojangan. Qo’shiqlari ko’p ovozli va xilma-xil janrli — to’y, marosim, dehqonchilik va ov mavsumlari, surgun, jang va muhabbat qo’shiqlaridan iborat. Cholg’u asboblari: gusli (Krez), sibizg’a (chipchirgan), fleyta (uzigumi), cho’pon nayi (tutekton), shuningdek, garmon, balalayka, skripka, gitara kabilar. Professional musiqa 20-asrning 20-yillaridan rivojlana boshladi. Kompozitorlardan N. Golubev, N. Grexovodov, G. Korepanov, G. Korepanovkamskiy, L. Vasilev, Yu. Tolkach, dirijyorlardan A. Mamontov, G. Bexterov, R. Ankudinova, xonandalardan K. Lojkin, N. Zubkov, G. Titov mashhur. Udmurtiyada «Italmas» davlat ashula va raqs ansambli (1933 yildan), radio va televideniye xori, musiqa bilim yurti (1933 yildan), Xalq ijodiyoti uyi (1936 y.dan), musiqa maktablari bor. Teatri. 1918 yil udmurt tilida dastlabki drama spektakllari sahnalashtirildi. 20-yillardan sayyor xalq teatrlari ishladi. 1931 yil Ijevskda udmurt drama teatri (1958 yildan musiqali drama teatri) ochildi. 30-yillarda Alnash (1934), Glazov va Debes (1936) qishloq teatrlari tashkil etildi. 1935 yil Rus drama teatri va respublika qo’g’irchoq teatri ishlay boshladi. Udmurt drama teatri sahnasida mahalliy mualliflardan I. Gavrilov. M. Petrov, G. Krasilnikov, E. Zagrebin, L. Perevoshchikov, S. Shirobokov, qo’shni Respublikalar dramaturglar va jahon mumtoz dramaturgiyasi asarlari qo’yildi. Teatr arboblaridan G. Veretennikov, N. Bakisheva, V. Perevoshchikov, K. Gavrilova, V. Vinogradova, A. Shklaeva, E. Romanova va boshqalar mashhur.