Ulug’bek madrasasi
Ulug’bek madrasasi — Buxorodagi me’moriy yodgorlik (1417). Ulug’bek qurdirgan madrasaning eng qadimiysi. Abdullaxon II davrida katta ta’mir ishlari olib borilgan (1586). Bosh tarzida mahobatli peshtoq, 2 qanotida 2 qavatli hujralar va burchaklarida guldastalar joylashgan. Guldastalar tepasi qubbali qilib ishlangan. Madrasaning asosiy bezagi peshtog’ida bo’lib, unda sirkor g’ishtchalardan tashqari rang-barang gulli parchin va koshindan foydalanilgan. Ravoqli peshtoqdan miyonsaroy orqali hovliga o’giladi. Miyonsaroy ichki gumbazi 12 qirrali, g’ishtdan to’rsimon shakl qilinib, oralariga ko’k va havo rang koshin terilgan. Hovli (26×25 metr) atrofini 2 qavatli hujralar qatori va peshtoqli 2 ayvon egallagan. Hovlining shimol va Janub tomonlari qisqaroq ko’rinishga ega bo’lib, devorlari, ravoq va peshtoqlari oq, Feruza va binafsha rang sirkor g’ishtlar bilan pardozlangan. Hujralar ichi ganch suvoqli. Madrasa (53×41,6 metr) uncha katta emas, hujralari mo’jaz, o’zaro mutanosib, ichki va tashqi tuzilishi o’ziga xos. Masjid (15,5*5,5 metr) va darsxona (5,5×5,5 metr) gumbazli, miyonsaroyning 2 yon tomonida joylashgan. Miyonsaroyning 2-qavatida kutubxona bor. Xo’ja Sa’d Jo’yboriy tomonidan tashqi pesh tog’i va yonlaridagi hujralar ta’mir etilib (1586), peshtoq bezagida mayda yozuvli va naqshli koshin ishlatilgan. Hovli g’arbidagi hujra tepasida ganchkori bezaklar orasida ta’mirlovchi usta Ismoil ibn Tohir ibn Mahmud Isfahoniy nomi saqlangan. Abdurazzoq Samarqandiyning xabar qilishicha, Ulug’bek (1419 yil 28 noyabrda) madrasaga kelib ilm oluvchi talabalarga in’omlar ulashgan. Bizgacha Ulug’bek madrasasi ancha o’zgargan holda yetib kelgan. 16-17-asrlarda, 1950-70 va 1990-96 yillarda ta’mirlangan. Naqshlarida yulduzsimon bezaklar ko’p. Ayvon ustunlari zarhallangan. Eshik tabaqalariga Arab tilida «bilim olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir», degan ibora o’yib yozilgan.