Umarshayx, Umarshayx Mirzo

Umarshayx, Umarshayx Mirzo (1356— Xarmotu -1394) — temuriy Shahzoda. Amir Temurning ikkinchi o’g’li. Onasi To’lun og’o (To’mlun og’o). Yoshligidan mohir chavandoz va mard jangchi bo’lib etishgan. Keyinchalik ko’p janglarda ko’rsatgan jasurligi va qahramonligi evaziga Bahodir unvoniga erishgan. 1370 yil Amir Temurning Husayn ibn Musallab bilan bo’lgan jangida, u. Balx qal’asini qamal qilish chog’ida mardona kurashgan, lekin jang oxirida oyog’idan yaralangan. U mo’g’ullarga qarshi olib borilgan ko’pgina janglarda faol qatnashib, Sohibqiron qo’shinidagi iste’dodli sarkardalar qatoridan o’rin olgan. 1393 yil Amir Temur Umarshayxni Fors viloyatini zabt etish ishiga mas’ul etib tayinlaydi. Umarshayx Istahr, Farak, Shahriyor va boshqa qal’alarni egallab, navbatdagi Sarjon qal’asini egallash uchun uni qamal qiladi. Ayni shu chog’da Amir Temur Misr va Shom (Suriya)ni qo’lga kiritish uchun Diyorbakr tomon qo’shin tortadi. Shu bois Sohibqiron Umarshayxni o’z huzuriga etib kelishini buyuradi. Umarshayx Sarjon qal’asini qamal qilish amaliyotini Amir Idiku Barlosga topshirib, o’zi Sherozga keladi. Bu yerda Umarshayx ishonchli amiri Sevinchakni Forsni zabt etish ishiga mutasaddi qilib, o’zi otasini qoshiga yo’l oladi. Umarshayx safar paytida Bag’dod (ba’zi manbalarda Shavliston) yo’li bilan yurib Bag’doddan to’rt manzil masofadagi Kurdistondan o’tib borayotganida yo’l chekkasidagi Xarmotu qal’asiga duch kelgan. Umarshayx ushbu qal’ani yaxshiroq tomosha qilish maqsadida bir tepalikka chiqadi. Shu payt qal’a ichidan otilgan nogahoniy kamon o’qi Umarshayxning qulog’i ostidagi ko’k tomirga tegadi. Umarshayx shu zahoti olamdan ko’z yumadi. Uning qo’shini Xarmotuni yer bilan yakson etadi. Ushbu voqeadan xabar topgan Amir Temur qattiq iztirobga tushadi. U Amir Uchqaro Bahodirni Umarshayxning jasadini Sherozga olib kelish uchun Xarmotu tomon jo’natadi. Umarshayxning jasadi Sherozga olib kelingach, motam tutilib, Mirzoni muvaqqat dafn qiladilar. Ma’lum fursatdan so’ng Umarshayxning xotinlari — Sevinch Qutluq og’o begim, Beka mulk og’o begim va Mulkat og’o begimlar hamda hali voyaga yetmagan o’g’li Iskandar mirzolar jasadni Sherozdan Kesh (Shahrisabz)ga olib keladilar va Temuriylar xonadoni uchun maxsus barpo etilgan daxmaga dafn etadilar. Umarshayx vafotidan so’ng Amir Temur Fors mamlakati yerlarini boshqarishni to’ng’ich o’g’li Pirmuhammad Mirzoga topshiradi. Umarshayxdan shuningdek, yana besh o’g’il — Rustam Mirzo, Iskandar Mirzo, Ahmad Mirzo, Said Axmad Mirzo va Boyqaro Mirzolar kelgan edi. Ad.: Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1966; Fayziev T., Temuriylar Shajarasi, T., 1996.