Umid neft-gaz-kondensat koni
Umid neft-gaz-kondensat koni — Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi kon, Qarshi shahridan 125 kilometr g’arbda. 1976 yilda ochilgan, 1989 yildan foydalanishga topshirilgan. Kon maydonining balandligi 250-303 metr. Umid neft-gaz-kondensat koni Chorjo’y tektonik pog’onasining Jan.Sharqiy qismida, Dengizko’l ko’tarilmasining Kushob egilmasi bilan tutashgan joyida joylashgan. Konning geologik tuzilishida tuz usti, tuz osti va rif osti struktura qavatlari ajratiladi. Jami 18 ta quduq qazilgan, mezozoy va kaynozoy erasi yotqiziqlari ochilgan. Yura davri yotqiziqlari mahsuldor bo’lib terrigen, karbonat va tuzangidrit jinslaridan tarkib topgan. Tuzangidritli qatlam regional qopqoq vazifasini o’taydi. Sanoat miqyosidagi neft va gaz yuqori yura davrining ohaktoshli gorizontlarida (2503-2629 metr chuqurlikda) uchraydi. 15R gorizontidagi jinslar tuzilishiga ko’ra rif va rif oralig’i zonalariga bo’linadi. Rif zonasi, asosan, rif genezisli g’ovakli ohaktoshlardan tuzilgan. Geologik kesim (gorizontning umumiy qalinligi 168 metr) 80-100% kollektordan iborat. Gaz uyumi massiv ko’rinishda bo’lib, unda neft hoshiyasi mavjud. Gaz uyumining uzunligi 8 kilometr, eni 3,6 kilometr, balandligi 110— 125 metr. Neft uyumining uzunligi 8,4 kilometr, eni 3,9 kilometr, balandligi 10-12 metr. Kondagi gaz quruq, metanli, kam oltingugurtli. Tarkibida metan, propan, izobutan, mo’tadil butan, izopentan, karbonat angidrid gazi, vodorod sulfid, azot va geliy mavjud. Kondagi neft og’ir, kam oltingugurtli, yuqori smolali, parafinli, kam benzinli, asfaltenlar miqdori kam. Kondensatlar zichligi 0,78 g/sm3, yuqori oltingugurtli kam parafinli. Asfalten va smola uchramaydi. Faqat benzin fraktsiyasidan iborat. Yuqori yura davrining karbonatli mahsuldor jinslaridagi qatlam suvlari xlorkaltsiyli tipga mansub bo’lib, minerallashganligi 91 — 106 g/l. Kimyoviy tarkibi: xlor, sulfat, gidrokarbonatdan iborat. Mikrokomponentlardan: yod, brom, ammoniy bo’lib, suvdan yod, brom hamda nodir elementlar (litiy, rubidiy, strontsiy)ni sanoat miqyosida ajratib olish mumkin. Kondan hozirgi kunda foydalanilmoqda.