«UMID NIHOLLARI» SPORT O’YINLARI

«UMID NIHOLLARI» SPORT O’YINLARI O’zbekistonning umumiy o’rta ta’lim va bolalar-o’smirlar sport maktablari o’quvchilari o’rtasida o’tkaziladigan ommaviy sport musobaqalari. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko’rish va o’tkazish to’g’risida»gi (2001 yil 19 yanvar) qarori asosida tashkil etilgan hamda «o’quvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz sport musobaqalari tizimini tashkil etish to’g’risida»gi (2003 yil 3 iyun) qaroriga binoan bu o’yinlarning respublika final bosqichlari 3 yilda bir marta o’tkazilishi belgilangan. Maqsadi — umumiy o’rta ta’lim va bolalar-o’smirlar sport maktablari o’quvchilarini jismonan etuk, axloqan barkamol hamda Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli sportchi yoshlarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash, yoshlar o’rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish. «Umid nihollari» sport o’yinlarida badiiy gimnastika, basketbol. Voleybol, gandbol, yengil atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, tennis, futbol kabi Olimpiada o’yinlari dasturiga kirgan va shaxmat, belbog’li kurash, kurash singari ommalashgan sport turlari bo’yicha musobaqalar o’tkaziladi. Saralash musobaqalari umumiy o’rta ta’lim va bolalar-o’smirdar sport maktablari, tuman, shahar va viloyatlarda, respublika final bosqichi bitta hududda tantanali ravishda tashkil etiladi. Birinchi «Umid nihollari» sport o’yinlarining respublika final bosqichi Farg’ona (2002), ikkinchisi Xorazm (2003) viloyatlarida bo’lib o’tdi. Ikkinchi «Umid nihollari» sport o’yinlari saralash musobaqalarida 4 milliondan ziyod, uning final bosqichida 2114 nafar o’quvchi qatnashdi (2003).