Umma
Umma (shumercha Ubme) — Janubiy Mesopotamiyadagi qadimgi Shahardavlat (hozirgi Iroqdagi Joxa shahri xarobasi). Miloddan avvalgi 3-ming yillikda Mesopotamiyada hukmron bo’lish da’vogarlaridan biri. Miloddan avvalgi 24-asr oxirida Umma Akkad podshosi Sargon tomonidan bosib olinib, Akkad davlati tarkibiga kiritilgan. Miloddan avvalgi taxminan 2200 yil gutiylar (kutiylar) bosqiniga uchragan. Miloddan avvalgi 21-asrda Shumer va Akkad podsholigi barpo etilgach (Urning III sulolasi), viloyat (okrug) markazi. Urning III sulolasi qulagach (miloddan avvalgi taxminan 2000 yil), ahamiyatini yo’qotgan. Milodiy 20-asr boshlarida Joxa shahri xarobasida mahalliy aholi tomonidan ko’plab mixxat jadvallari (miloddan avvalgi 23— 21-asrlarga oid podshoning ibodatxona xo’jaligi arxivi) topilgan. Bu yozuvlarga qadimgi Shumer jamiyatini o’rganishda muhim rol o’ynaydi.