UNITAR DAVLAT
UNITAR DAVLAT (lot. unitas – yagona) — davlat birliklariga markazlashgan boshqaruvning mavjudligi va tarkibida mustaqil davlatlarning yo’qligi bilan belgilanuvchi davlat tuzilishining oddiy ko’rinishi bo’lib, u davlat shakllaridan biri hisoblanadi. Bunda davlat hududi tarkibida, federatsiyadan farqli ravishda, federative birliklar (shtatlar, yerlar) bo’lmaydi, balki u ma‘muriy-hududiy birliklar (tumanlar, viloyatlar, kantonlar va x.k.)ga bo’lingan bo’ladi. Mazkur mustaqil qismlar davlat suverenitet alomatlariga ega emas. Bunday davlatda oliy organlarning yagona tizimi hamda yagona qonunchilik (Konstitutsiya, fuqarolik, oliy davlat hokimiyati) bo’ladi. Barcha Unitar davlatlarga xos bo’lgan markazlashtirish turli shakllarda va turli darajada namoyon bo’lishi mumkin. Ba‘zi mamlakatlarda mahalliy organlar umuman bo’lmaydi va ma‘muriy-hududiy bo‗linmalar markaziy hokimiyat vakillari tomonidan boshqariladi. Boshqa davlatlarda mahalliy organlar tashkil etiladiyu, lekin ular (bevosita yoki bilvosita) markaziy hokimiyat nazorati ostida bo’ladi. Markaziy hokimiyat mahalliy organlar ustidan nazoratning qanday turini amalga oshirishiga qarab, Unitar davlatlar markazlashgan va markazlashmaganga bo’linadi. Markazlashgan Unitar davlatda mahalliy organlarning markazga bo’ysunishi markazdan tayinlanadigan mansabdor shaxslar orqali amalga oshiriladi. Markazlashmagan Unitar davlatda mahalliy organlar markaziy organlardan mustaqil ravishda shakllantiriladi, shuning uchun ular o’rtasidagi huquqiy munosabatlar markazlashmagan asoslarda o’rnatiladi. Unitar davlatda hudud, konstitutsiya, fuqarolik, oliy davlat hokimiyati yagona bo’ladi. Bir butunni tashkil qiluvchi qismlari davlat maqomiga ega bo’lmaydi. Unitar davlat ma‘muriy – hududiy birliklarining chegaralari markaziy organlar tomonidan qabul qilingan qonunlar asosida o’zgartiriladi. Unitar davlat tarkibida davlat belgilari mavjud milliy hududiy tuzilmalar ham bo’lishi mumkin, masalan, muxtor viloyat, muxtor respublika. O’zbekiston — Unitar davlat uning tarkibida davlat tuzilishiga xos belgilari mavjud bo’lgan Qoraqalpog’iston Respublikasi bor. Umuman, unitar davlat yagona konstitutsiyaga, yagona oliy qonunchilik va oliy idora organiga ega markazlashgan davlatdir. Unitar davlatlarga Xitoy, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Finlandiya, Ukraina, Qozog’iston, Turkmaniston, Qirg’iston, Fransiya, Italiya kabi mamlakatlar kiradi. Unitar davlatda bitta parlament, bitta hukumat, bitta prezident bo’ladi, davlat odatda bir millatli bo’ladi.