Universitet

Universitet (lotincha Universitas — yig’indi, majmua) — tabiiy, ijtimoiy va gumanitar yo’nalishda yuksak malakali mutaxassislar tayyorlashga yo’naltirilgan ko’p tarmoqli oliy o’quv-ilmiy muassasa. Universitet o’z bitiruvchilarining kelajakdagi ilmiy-amaliy va pedagogik faoliyatlari uchun chuqur nazariy tayyorgarlik kurishlarini ta’minlaydi. O’quv va ilmiy tadqoqot ishlarining uzviy ravishda qo’shib olib borilishi Universitet ta’limining asosiy o’ziga xos jihatidir. Universitet musulmon Sharqidagi oliy madrasa yoki Madrasai oliya maqomiga to’g’ri keladi. Yaqin Sharq mamlakatlarida dorilfunun deb ataladi. O’rta asrlar Yevropasida dastlab turli sherikchilik birlashmalari, savdogarlar gildiyalari, sanoattijorat tsexlari va boshqa shirkatlar Universitet deb yuritilgan. Yevropada Universitetning yuzaga kelishi muayyan iqtisodiy taraqqiyotga erishilganligi, shaharlarning ko’payishi, hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi, madaniyatning yuksalishi, shuningdek, ilm-fanning taraqqiy etib, turli falsafiy oqimlarning paydo bo’lishi bilan bog’liq. Shuning uchun ham ilk Universitetlar iqtisodiy jihatdan rivojlangan Italiya, Ispaniya, Frantsiya singari G’arbiy Yevropa mamlakatlarida tashkil topdi. Dastlabki Universitetlar Italiyaning Bolonya (11-asr), Salerno (12-asr oxirlari), Frantsiyaning Parij (1215), Monpele (1289), Bukj Britaniyaning Kembrij (1209), Oksford (12-asr 2-yarmi), Ispaniyaning Salamanka (1218), Portugaliyaning Lissabon (1290) shaharlarida paydo bo’ldi. 14-asrga kelib Markaziy Yevropada ham bir nechta Universitetlar ochildi. Ishlab chiqarish va ilm-fan taraqqiyoti tufayli 1348 yil Praga, 1364 yil Krakov, 1365 yil Vena Universitetlari yuzaga keldi. O’rta asrlardagi Universitetlarda, odatda, artistlik (tayyorlov), ilohiyot, tibbiyot, huquq singari 4 fakultet bo’lgan. Artistlik fakulte hamma uchun majburiy bo’lib, unda ritsarlar uchun zarur «yetti erkin san’at» o’rgatilgan. Artistlik fakultening grammatika, ritorika, dialektika asoslarini o’rgangan talabasiga san’at bakalavri darajasi berilgan. Fakultetning falsafa, arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqa nazariyasining to’liq kursini o’zlashtirgan talaba san’at magistri darajasiga erishgan va u qolgan 3 fakultetdan biriga kirib o’qish huquqini qo’lga kiritgan. Dastlabki Universitetlarda huddi madrasalardagi kabi o’qish muddati ham, talabalarning yosh chegarasi ham belgilab qo’yilmagan. Amalda Universitetda o’qish 12-14 yillab davom etgan. Chet ellardagi hozirgi Universitetlar tashkiliy tuzilishiga ko’ra, mustaqil fakultet, institut, maktab va kollejlarning o’ziga xos birlashmasidan iborat. Dunyoning ko’p Universitetlarida ilmiy tadqiqotchilar bilan birga o’rta maktab o’qituvchilari ham tayyorlanadi. Odatda, aksar zamonaviy Universitetlarda tabiiyot, tibbiyot, huquq, filologiya, falsafa, iqtisod, muhandislik, ayrimlarida ilohiyot ftlari mavjud. Dunyoda Universitet ta’limining Buyuk Britaniya, Frantsiya va Ispaniya tizimlari keng yoyilgan. Jumladan, Buyuk Britaniyada Universitet ta’limi har biri 2 yil davom etadigan 3 bosqichdan iborat. 1-bosqich oraliq bosqich deb ataladi va unda asosan umumta’lim fanlar o’rganiladi. 2-bosqich mutaxassislik bosqichi deyiladi va talabaning bakalavr darajasini olishi bilan tugallanadi. 3-bosqich yuqori bosqich deb nomlanadi va bitiruvchi magistr darajasiga erishadi. Frantsiyada Universitet ta’lim tizimi doimiy bosqichlarga ajratilmagan. Bu yerda qaysi kasbni egallashiga qarab, talaba 4 yildan 7 yilgacha o’qiydi. Ispaniya Universitet ta’lim tizimi ham Frantsiya Universitet ta’lim tizimiga yaqin keladi. Turkistonda Universitet, ya’ni Madrasai oliya 10-asrdayoq yuzaga kelgan bo’lsada, zamonaviy ma’nodagi dastlabki Universitet Toshkentda 1918 yil 21 aprelda Turkiston xalq universiteti nomi bilan ochilgan. Ammo bu Universitet rus va yevropalik aholi uchun mo’ljallangan edi. Oradan 20 kun o’tib, o’zbek jadidlari tashabbusi bilan 1918 yil 12 mayda Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida «Turkiston Musulmon xalq dorilfununi» tashkil etildi. O’zbekistonda ikkinchi Universitet 1933 yil Samarqand shahrida ochilgan. 1976 yilda Qoraqalpog’iston universiteti tashkil etildi. O’zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar mamlakatimizda 3 Universitet faoliyat ko’rsatgan. 2002 yil O’zbekistonda 20 Universitet bo’lib, ularda 113,7 ming talaba ta’lim oldi. Respublikadagi ko’p Universitetlar maktab, akademik-litsey va kasb-hunar kollejlari singari tuzilmalarni ham o’z ichiga oladi. 2. Universitet (O’zbekiston milliy universiteti va Toshkent texnika universiteti) o’z institutlariga ham ega.