Uolles (Wallace), Uilyam

Uolles (Wallace), Uilyam (taxminan 1270-1305.23.8) — shotland xalqining (Angliyadan mustaqil bo’lish uchun kurashida) milliy qahramoni. 1297 yil 11 sentabrda Uolles rahbarligidagi qo’zg’olonchilar armiyasi Sterling yaqinida ingliz qo’shinlarini tormor keltirgan va Uolles bir necha oy muddatga Shotlandiyaning amaldagi hokimiga aylangan. 1298 yil 22 iyulda Uolles armiyasi ingliz qiroli Eduard I ning kuch jihatdan ustun bo’lgan qo’shinidan yengilgan. Ammo ingliz bosqinchilariga qarshi kurash davom etgan. 1305 yil avgustda xiyonat tufayli Uolles qo’lga olingan va qatl qilingan. Uolles obrazi shotland xalqining ko’plab qo’shiq va balladalarida o’z aksini topgan.