Uretrit
Uretrit — siydik chiqarish kanali (uretra)ning yallig’lanishi. Patogen mikroorganizmlar (trixomonadalar, achitqisimon zamburug’lar, viruslar va boshqalar), shuningdek, moddalar almashinuvining buzilishi, allergiya, shikastlanishlar sabab bo’ladi. Klinik kechishiga ko’ra, o’tkir va surunkali, qo’zg’atuvchisining turiga qarab so’zakli, trixomonadali, nospesifik Uretritlar farq qilinadi. Aksari erkaklarda uchraydi. Siyganda achishish, og’riq paydo bo’ladi; uretradan yiringli chiqindi keladi. Uretrit, odatda, jinsiy aloqa qilganda gonokokkdan zararlanish natijasida yuqadi. Uretraga bakteriyalar (masalan, ichak tayoqchasi, streptokokk, pnevmokokk) tushishi, shaxeiy gigiena kridalarining buzilishi yoki angina, surunkali tonzillit, og’iz bo’shlig’i va boshqa a’zolardagi yallig’lanishlardan qon va limfa tomirlari orqali uretraga mikrob utishi ham Uretritga sabab bo’ladi. Uretritga xos belgilar yuzaga kelishi bilan darhol vrachga uchrashish lozim, aks holda yallig’lanish uretraning orqa qismi va qovuqqa tarqalib moyak ortig’i, prostata bezi, urug’pufakchasini ham yallig’lantiradi, pirovardida bemor bepusht bo’lib qolishi ham mumkin. Uretritning oldini olish uchun shaxsiy va jinsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, organizmdagi turli yallig’lanishlar hamda umumiy infektsion kasalliklarni o’z vaqtida davolatish muhim.