Urug’

Urug’ — 1) o’simliklarda (semen) — urug’li o’simliklar generativ organi, Nihol hosil qilish, tarqalish va tashqi noqulay sharoitlardan muhofaza qilish funktsiyalarini bajaradi; odatda, urug’langandan keyin urug’kurtakdan rivojlanadi; ba’zan urug’lanmasdan ham rivojlanishi mumkin. Urug’ murtak (embrion), pust (krbiq) va ko’pincha zaxira oziq moddalar (endosperm, perisperm) dan iborat. Ba’zan Urug’da bir necha murtak bo’lishi mumkin. Murtak zaxira oziq moddalar hisobiga rivojlanadi; bu moddalar endosperm va perispermda to’planishi mumkin. Endosperm va perisperm bo’lmagan urug’larda zaxira oziq moddalar (oqsil, yog’, kraxmal, qand, vitaminlar va boshqalar) urug’pallalarda to’planadi. Urug’ qobig’i urug’kurtak devoridan hosil bo’ladi. Ba’zi o’simliklar u.ining qobig’i tashqi (etli, sersuv) va ichki (qattiq, quruq); boshqa o’simliklarniki qattiq, qalin yoki yupqa bo’ladi. Urug’ning kattaligi va og’irligi har xil; masa;an, orxideyalarda chang kattaligida, palmalarda juda yirik. Bitta mevada bittadan bir necha ming, hatto milliongacha Urug’ bo’lishi; bitta o’simlik (ayniqsa, begona o’tlar) minglab Urug’ berishi mumkin. Har xil o’simliklar Urug’ining unib chiqish muddati turlicha bo’lib, bu Urug’ning saqlanish sharoitiga bog’liq. Tarixiy rivojlanish jarayonida Urug’ o’simliklarning quruqlik muhitiga moslanishi natijasida paydo bo’lgan. Urug’ oziq-ovqat sifatida ishlatiladi. Urug’dan un, moy, kraxmal, bo’yovchi va dorivor moddalar olinadi. Ko’pchilik o’simliklar Urug’i yoki uni mol va parrandalarga yem sifatida beriladi. G’o’za Urug’i (chigiti) tolalari (paxtasi) to’qimachilik sanoatining asosiy xom ashyosi; 2) odam va hayvonlarda Urug’ — urug’ suyuqligidan iborat.