Urumchi

Urumchi – Xitoydagi shahar. Sin-Szyan Uyg’ur Muxtor rayonining ma’muriy markazi. Tyanshan tog’larining shimoliy etagida, Urumchi daryosi vodiysidagi vohada. Aholisi 2 million kishidan ziyod (2004), asosan, xitoylar. Muhim iqtisodiy va madaniy markaz. Transport yo’llarining yirik chorrahasi. Xitoyni Yevropa mamlakatlari bilan bog’laydigan temir yo’l Urumchi orqali o’tgan. To’qimachilik, oziq- ovqat, metallurgiya, kimyo, mashinasozlik sanoatlari, tsement, qog’oz korxonalari mavjud. Universitetlar (Sintszyan universiteti, Islom universiteti), muzey (5-6 ming yillik tarixga ega eksponatlar: Taklamakon cho’li atrofidagi qadimgi shaharlar xarobalari orasidan topilgan jasadlar va matolar bo’laklari saqlanadi) bor. Shahar o’zining kechki bozorlari bilan mashhur. Turizm markazlaridan. Shahar yaqinida toshko’mir qazib olinadi. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Urumchi o’rnida 2500 yil muqaddam turar joylar bo’lgan. Shahar sifatida Taklamakon cho’lining shimoldan o’tgan savdo yo’li yoqasida vujudga kelgan. Biroq shaharning siyosiy, harbiy va iqtisodiy ahamiyati 18-asr o’rtalaridan ortib bordi. 19-asrdan 20-asr o’rtalarigacha Urumchini xitoylar Dixua deb ataganlar. Ko’hna budda ibodatxonasi bo’lgani sababli shaharning Xungmyaozi (qizil budda ibodatxonasi) degan nomi ham bo’lgan. 1954 yildan shaharning avvalgi nomi bo’lgan Urumchi (mo’g’ul tilida — atrofi o’ralgan dala) uning rasmiy nomi. Urumchida hukumat va ma’muriy binolar joylashgan.