Ushinskiy Konstantin Dmitriyevich
Ushinskiy Konstantin Dmitriyevich [1824.19.2(2.3), Tula 1870.22.12 (1871.3.1), Odessa, Kiyevda dafn etilgan] — rus klassik pedagogi, Rossiyada ilmiy pedagogika va xalq maktabi asoschisi. Moskva universitetining yuridik fakultetini tugatgan (1844). Rossiyadagi turli maorif shoxobchalarida, jurnallarda ishlagan. Ushinskiy pedagogik sistemasining negizi ta’lim va o’qitish tizimida demokratlashtirishni talab qilishdan iborat bo’lgan. U birinchi bo’lib, pedagogika tarbiyaning ilmiy nazariyasi, degan fikrni ilgari surgan va buni isbot etgan. Ushinskiy pedagogika nazariyasining asosini tarbiyaning xalqchillik g’oyasi — tarixiy jarayonda mehnatkash xalqning yaratuvchilik kuchini e’tirof etish tashkil qilgan. Ushinskiy pedagogikani keng ma’noda bir fan, tor ma’noda tarbiya san’ati deb hisoblagan. Ushinskiy tarbiyani shaxsni aqliy, axloqiy, estetik va jismoniy shakllantirishga qaratilgan yaxlit jarayon deb bilgan va bunda axloqiy tarbiya asosiy o’rinni egallashi lozim deb hisoblagan. Maktabda o’quvchilar mehnatiga ta’lim va tarbiyaning muhim omillaridan biri sifatida qaragan. Ushinskiyning axloq va axloqiy tarbiya to’g’risidagi qarashlarida xalqchillik g’oyalari aks etgan. Ushinskiy yaxlit didaktik tizimni ishlab chiqqan. Unda ta’lim mazmunini tanlash qamda uni bolalarning yosh xususiyatlariga moslashtirish masalalari ochib berilgan. Ushinskiy o’qitishning psixofizik tabiatini tadqiq etdi, diqqat, qiziqish, xotira, xayol, hissiyot, tafakkur kabi psixologik mexanizmlarni tahlil qildi. O’zining «inson tarbiya predmeti sifatida» degan asarida psixologiyani tajriba ma’lumotlariga asoslanib tuzishga harakat qildi. U bolalar psixologiyasi bilan ta’lim-tarbiya psixologiyasini ishlab chiqqan. Maktabda ona tili darsiga katta ahamiyat berdi. Uning «bolalar dunyosi va xrestomatiya», (1861), «ona tili» (1864) kabi darsliklari mazmunining boyligi, tili va metodikasi jihatdan o’z davrining eng namunali o’quv kitoblaridir.